Bog‘cha va maktabdagi nomus fojiasi, qidiruvga berilgan ikki bankir, O‘zbekistonga kutilayotgan pul oqimi, oqlangan general – Hafta tahlili

Tahlil

−

Reklama
0:00

O‘zbekistonga yirik pul oqimi kirib kelishi kutilyapti, Saida Mirziyoyeva AQSHda “BlackRock” rahbariyati bilan uchrashdi. Namanganda 5 yashar qiz bog‘cha xodimi tomonidan zo‘rlandi, jamoatchilik o‘lim jazosini tiklashni so‘ramoqda. Ikki bankir Interpol orqali xalqaro qidiruvga berildi, ulardan biri Londondan aloqaga chiqdi. Korrupsiyada ayblangan sobiq Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Bekmurod Abdullayev oqlandi va tizimga qaytdi, faqat boshqa lavozimga. Yana ikki mansobdor ustidan sud boshlandi. “Taftish.uz” jurnalistlari va DXXning sobiq mulozimlariga sud hukmi o‘qildi. Hafta davomida sodir bo‘lgan eng muhim voqealar tafsiloti bilan Hafta voqealari tahlilining navbatdagi sonida tanishasiz. 

Namangandagi davlat bog‘chasida bola zo‘rlandi. 5 yashar qizaloq. Hali oq-qorani tanimagan, hayotni tushunmagan qizchaning butun hayoti zulmatga aylandi. Bog‘chada ombor mudiri bo‘lib ishlagan o‘sha maraz kimsa zo‘rladi uni. Aybdor faqat u emas, hammamiz, jamiyat, davlat. Bog‘cha mudirasidan tortib, tarbiyachisigacha, siz-u mengacha. Biz G‘azoda boshidan dron uchib o‘tayotgan, Eronda qurolli hujumga uchrayotgan bolalar taqdirini misol qilib, go‘yo shukrni o‘rgatib, ularnikidan kam bo‘lmagan bir umrlik zulmatni beryapmiz o‘sha jajjilarga. 

Kim qizaloq bir marta emas, muttasil zo‘rlab kelinganini aytsa, yana kimdir bu ish tarbiyachi bog‘cha mudirasining uyiga uning uy yumushlarini bajargani ketgan vaqtda sodir bo‘lganini aytmoqda. 

Albatta, mas’ul idoralar jim turgani yo‘q. Gumonlanayotgan shaxs protsessual tartibda qo‘lga olindi. Namangan viloyati Uchqo‘rg‘on tumani Ichki ishlar bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 118-moddasi (Nomusga tegish) 4-qismi va 112-moddasi (O‘ldirish yoki zo‘rlik ishlatish bilan qo‘rqitish) 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Xo‘sh, ushbu jinoyatda gumonlanayotgan shaxsga nisbatan ayblov o‘z tasdig‘ini topsa uni qanday jazo kutyapti? Jinoyat kodeksining 118-moddasi 4-qismi sanksiyasiga ko‘ra, 15 yildan 20 yilgacha qamoq jazosi. Bunday toifadagi jinoyatni sodir etgan shaxslarga nisbatan jazoni o‘tash bilan bog‘liq yengilliklar qo‘llanilmaydi. 112-moddaning 1-qismi sanksiyasiga ko‘ra, bazaviy hisoblash miqdorining yigirma besh baravarigacha miqdorda jarima yoki ikki yuz qirq soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud bir yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi. Bor-yo‘g‘i shu! 5 yashar qizaloqning butun hayoti barbod bo‘lyapti, kerak bo‘lsa bir oilaning nomusiga ko‘z olaytirilyapti, oqibati esa 15–20 yil. Shuning o‘zi ham bolalarga oid jinoyatlar uchun jazolar, kodeksdagi sanksiyalar ma’nan eskirganini ko‘rsatyapti. 

Ha, bizda o‘lim jazosi yo‘q. Ha, bunday jinoyatlarga nisbatan umrbod qamoq jazosi belgilanmagan. Kastratsiya masalasini-ku muhokama qilib, natijasigacha yetib borolmadik. Kamaymadi bolalarni zo‘rlash, yashirilayotgan bo‘lishi mumkin, lekin kamaymayapti, ko‘zlari ochilmayapti, ko‘zimiz ochilmayapti. 

Sanksiyalarni jinoyatning turlari, sodir etilishi bilan bog‘liq holatlar va qayerda sodir etilganiga ko‘ra belgilash bo‘yicha yangi tartiblarni ishlab chiqishni, zamonaviy o‘zgarishlar va tahdid, xavf-xatarlarni inobatga olishni taqozo etyapti so‘nggi voqelikning, bog‘chadagi holatning o‘zi. Bu qonun chiqaruvchilar uchun muhim signal bo‘lishi kerak! 

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi esa, jamoatchilik e’tirozlaridan keyin bayonot bilan chiqib, mas’ullarning xizmat vazifasiga loyiqligini ko‘rib chiqish bo‘yicha Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan Ishchi guruh tuzilgani va respublika bo‘ylab barcha davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari xodimlari tekshirilayotgani va zarur choralar ko‘rilishini ma’lum qildi. 

“Voqeaga aloqador hamda o‘z ishiga mas’uliyatsizlik bilan yondashgan tizimdagi barcha xodimlar va mansabdor shaxslarga nisbatan tegishli tashkilotlar vakolati doirasida zarur choralar ko‘rilishi, aybdorlar jazolanishi ta’minlanadi. 

Ta’lim tashkilotining voqeaga daxldor deb gumon qilingan xodimlari bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilingan”.  

Biz O‘zbekistonda pedofillarga qarshi kurashni ko‘chadagi begonalardan emas, bog‘cha va maktablarda davlatdan maosh olib ishlayotgan ba’zi kimsalardan boshlashimiz kerak chog‘i. Namangandagi bog‘chada sodir bo‘lgan voqea ko‘zimizni qonga to‘ldirgan bir paytda Toshkent shahrida maktab qo‘riqlash xizmati xodimi 6-sinfda o‘qiydigan qizga nisbatan shilqimlik qildi. Yana qayerda? Davlat maktabida. 

QALAMPIR.UZ tanishgan sud hujjatida qayd etilishicha, voqea joriy yilning 15 sentyabr kuni soat 15:30 lar atrofida Shayxontohur tumanidagi maktablardan birida sodir bo‘lgan. Mazkur maktabda shartnoma asosida qo‘riqlash xizmati xodimi bo‘lib ishlovchi 23 yoshli shaxs 6-sinf o‘quvchisining oldiga borib, uning belidan ushlagan va labidan o‘pgan. Xullas, qo‘riqlashda ishlagan shaxsning o‘zidan boshqalarni qo‘riqlash kerak. 

Uning harakatlari Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 41-1-moddasi (shahvoniy shilqimlik qilish) 1-qismi bilan malakalanib, sudga yuborilgan. Biroq Shayxontohur tumani Jinoyat ishlari bo‘yicha sudi ish materiallarini o‘rganib, holat yuzasidan tekshiruv to‘liq o‘tkazilmaganini aniqlagan.

Sudning qayd etishicha, qo‘riqchining harakatlarida Jinoyat kodeksining 129-moddasida (16 yoshga to‘lmagan shaxsga nisbatan uyatsiz-buzuq harakatlar qilish) nazarda tutilgan jinoyat alomatlari mavjud yoki mavjud emasligiga aniqlik kiritilmagan. Qolaversa, voyaga yetmagan qizga nisbatan sodir etilgan harakatlarga to‘liq huquqiy baho berilmagan.

Sud qayta surishtiruv davomida ish holatlari har tomonlama o‘rganilishi, yigitchaning harakatlarida jinoyat alomatlarining bor-yo‘qligi aniqlanishi va jinoyat tarkibi mavjud bo‘lsa, unga nisbatan tegishli huquqiy baho berilishi lozimligini belgilagan.

Shu sababli ma’muriy ish hujjatlari Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 278-moddasi (materiallarni prokurorga topshirish) tartibida Shayxontohur tuman prokuraturasiga yuborilgan.

Endi bu ishlarni muhokama qilayotgan jamoatchilik, tergov qilayotgan mas’uldan tortib, prokurorgacha, suddan tortib, kotibgacha o‘zini o‘sha qizlarning ota-onalari o‘rniga qo‘yib ko‘rsin. Ha, darvoqe qanday bo‘lishidan qat’i nazar boyagi pedofillar o‘zini himoya qilish huquqiga ham ega, qizig‘i qaysi vijdonli advokat ularni himoya qilar ekan? 

2025 yilning yozida Fransiyada o‘g‘irlab ketilgani va qiynoqqa solingani aytilgan Qahramonjon Olimovning o‘zi odam o‘g‘irlashda ayblanmoqda. U xalqaro qidiruvga berilgani haqidagi axborot o‘tgan hafta Latviyaning “The Insider” nashrida paydo bo‘lgan edi. O‘zbekiston ommaviy axborot vositalari ham ushbu xabarni tarqatishda ushbu nashrga tayandi. Qahramonjon Olimov 2020 yilda tashkil etilgan “Anorbank”ning aksiyadori hisoblanadi. U Bank saytida ko‘rsatilganidek, asosiy boshqaruv organi bo‘lgan Kuzatuv kengashi a’zosi. “Anorbank” Qahramonjon Olimovning qidiruvga berilgani haqidagi xabarlar tarqalganidan ko‘p o‘tmay, bayonot bilan chiqib, gap bank, uning kapitali, boshqaruvi yoki operatsion faoliyatiga aloqador bo‘lmagan aksiyadorlardan birining shaxsiy masalalari haqida ketayotganini urg‘uladi. Shu o‘rinda savol tug‘iladi: hatto, bankning rasmiy saytida rahbariyat bo‘limida Kuzatuv kengashi a’zosi sifatida ko‘rsatilgan Olimovni qanaqasiga bankka aloqador emas deyish mumkin? “Anorbank” esa Olimovga aloqador masalalarni Bank faoliyati bilan aralashtirish noto‘g‘ri va yo‘l qo‘yib bo‘lmaydigan holatdir, demoqda. 

“Mazkur masala yuzasidan Bankka hech qanday rasmiy tasdiq yoki so‘rov kelib tushmagan. Turli manbalarda tarqatilayotgan ma’lumotlar rasmiy ma’lumotlar bilan tasdiqlanmagan va vakolatli organlar tomonidan tasdiqlangan dalillarga asoslanmagan. 

Mijozlar, hamkorlar va jamoatchilikni tekshirilmagan hamda anonim manbalar tomonidan tarqatilayotgan materiallarga tanqidiy yondashishga va faqat rasmiy manbalar tomonidan tasdiqlangan ishonchli ma’lumotlarga tayanishga chaqiramiz”, deyiladi bayonotda.

Ha, “Anorbank” ushbu bayonot bilan chiqqan vaqtda Interpol saytida Qahramonjon Olimovga oid qidiruv xabarnomasini topish imkonsiz edi. Ammo, shu hafta 49 yashar Olimovning haqiqatdan ham qidiruvga berilgani tasdiqlandi. Interpol saytida Qahramonjon Olimovning qidirilayotganiga oid qizil bildirishnoma paydo bo‘ldi. 

Hozircha Olimovning nima sababdan qidiruvga berilgani va uning Jinoyat kodeksining qaysi moddalari bilan ayblanayotgani, qidruv ortida qanday gumonlar va uning iqtisodiy nizolari, sobiq sherigi Botir Rahimov bilan bog‘liq mojarolar, o‘zining Fransiyada o‘g‘irlab ketilishi haqidagi hikoyalarga to‘xtaymiz, zotan bular haqida bir necha maqolalar e’lon qilingan, ularni topib o‘qishingiz mumkin. 

Hozir esa shu hafta qidiruvga berilgan yana boshqa bankir haqida gaplashsak. Farg‘onalik tadbirkor, Madad Invest Bank’ining sobiq yirik aksiyadori va kuzatuv kengashi raisi Mo‘minjon Yo‘ldoshev ham O‘zbekiston so‘roviga asosan Interpol orqali xalqaro qidiruvga berildi.

Qayd etilishicha, tadbirkor O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) bilan ayblanmoqda.

Mo‘minjon Yo‘ldoshev qurilish va to‘qimachilik sohalaridagi qator bizneslarga egalik qilgan. U Madad Invest Bank’da yirik aksiyador bo‘lish bilan birga, bank kuzatuv kengashiga ham rahbarlik qilgan.

Mo‘minjon Yo‘ldoshev BBC’ga intervyu berib, 6 oydirki, Londonda yashayotgani va Angliya Hukumatidan siyosiy boshpana so‘raganini aytib chiqdi. U ayni vaqtda Koreyaga migrantlarni yuborish bilan bog‘liq 90 million dollarlik korrupsion “sxema” bo‘yicha ayblanayotgan DXXning sobiq mulozimi Alijon Ashurovning qudasi ekani va unga nisbatan ayblovlarga qudasi ortidan qo‘yilayotganini bildirgan. 

Yil boshidan buyon korrupsiyada ayblanib, lavozimidan ozod etilgan va diqqat markazida bo‘lib turgan sobiq Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari general-mayor Bekmurod Abdullayev yangi lavozimga tayinlandi. Endi u Chilonzor tumani Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi – qisqa qilib aytganda, RUVD boshlig‘i. 

2021 yilning aprelida Ichki ishlar vazirining o‘rinbosari lavozimiga tayinlangan Bekmurod Abdullayev 2025 yilning 3 noyabr kuni ishdan bo‘shatilgandi. Uning iste’fosi sabablari 3 oygacha ochiqlanmadi. 2026 yilning 27 yanvar kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi Qo‘riqlash boshqarmasida o‘tgan videoselektor yig‘ilishida Bekmurod Abdullayev va Jazoni ijro etish departamenti boshlig‘i lavozimida ishlagan Rustam Tursunovga nisbatan Ichki ishlar vazirligi tizimidagi davlat xaridlari doirasida 186 milliard so‘m byudjet mablag‘i talon-toroj qilingani bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani, vazir o‘rinbosari qamoqqa olingani aytildi. 

Shu yilning aprel oyi o‘rtalariga kelib, Bekmurod Abdullayev tomonidan davlatga yetkazilgan zarar qoplab berilgani uchun ozodlikka chiqqani haqida xabarlar tarqaldi, biroq huquq-tartibot organlari bu xabarlarni tasdiqlagani yo‘q, lekin rad ham etmadi.

Joriy yilning 29 iyul kuni Bekmurod Abdullayev, Rustam Tursunov va yana 28 kishiga oid jinoyat ishini sudda ko‘rish boshlandi. Biroq, unda shaxsiy hayotga oid hamda qonun bilan muhofaza etiladigan boshqa ma’lumotlar mavjudligi sababli sud yopiq o‘tkazildi. Sud yakunlari bo‘yicha esa rasmiy ma’lumot berilmadi. QALAMPIR.UZ’dagi ma’lumotlarga ko‘ra, Bekmurod Abdullayev va Rustam Tursunovga qo‘yilgan ayblovlar o‘z isbotini topmagan va ular oqlangan.

Bu orada genaral-mayor Bekmurod Abdullayev va Rustam Tursunovdan vazirlikda bo‘shagan o‘rinlarni boshqalar egallab bo‘lgan. 

Yil boshida Prezident tomonidan o‘tkazilgan yig‘ilishda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti Toshkent shahar boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Alisher Abduvaliyevich G‘aniyev va Toshkent shahar soliq boshqarmasining sobiq boshlig‘i Yunusjon Nasimjonovni o‘sha kunning o‘zida ishdan olish va faoliyatiga huquqiy baho berishni topshirgan edi.

Oradan 8 oy o‘tib, G‘aniyev va Nasimjonovga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atilgani va ish sudga oshirilgani ma’lum bo‘ldi. 21 sentyabr kuni ularga oid ishni sudda ko‘rish boshlandi.

2021 yildan 2026 yilgacha Toshkent shahar soliq boshqarmasini boshqargan Nasimjonovga nisbatan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) 3-qismi “a” bandi, 205-moddasi (Hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish) 2-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. 

Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Toshkent shahar boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Alisher G‘aniyev esa Jinoyat kodeksining 205-moddasi (Hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish) 2-qismi “a” bandi, 223-moddasi (Qonunga xilof ravishda chet elga chiqish yoki O‘zbekiston Respublikasiga kirish) 2-qismi “v” va “g” bandi bilan ayblanmoqda.

24 sentyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Harbiy sudi “Taftish.uz” tahririyati xodimlari va DXXning OAV faoliyatini nazorat qiluvchi boshqarmasi sobiq zobitlariga nisbatan hukm o‘qidi.

Ularga 4 yil 1 oydan 10 yil 6 oygacha bo‘lgan muddatlarga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Xususan, tahririyat rahbari G‘ayrat Aberayev 10 yil 6 oyga, jurnalist Marjona Eshquvvatova 4 yil 1 oyga ozodlikdan mahrum qilingan.

Shuningdek, tahririyatning yana ikki nafar vakili hamda DXXning sobiq xodimlari 10 yildan ortiq muddatlarga ozodlikdan mahrum qilingan. Ular tuhmat, haqorat, firibgarlik, tovlamachilik singari jinoyatlarda ayblangan. Yopiq sud majlisining hukmiga ko‘ra, sudlanuvchilar jazo muddatlarini umumiy tartibdagi koloniyalarda o‘taydi.

Turkiyaning Istanbul shahrida o‘zbekistonlik Mohira’no Meliyeva doridan zaharlanish oqibatida vafot etdi. 

Qayd etilishicha, ayol kasallik davrida uy sharoitida norasmiy shifokorlar ko‘magida davolangan. Davolanish jarayonida qabul qilingan dori vositalarining nojo‘ya ta’siri oqibatida bemorning ahvoli og‘irlashib, qonida infeksiya rivojlangan hamda organizmida kuchli reaksiya kuzatilgan. Shunga qaramay, u o‘z vaqtida shifoxonaga olib borilmagan va uy sharoitida davolash davom ettirilgan.

Bemorning ahvoli jiddiy tus olgach, u dastlab Marmara shifoxonasiga olib borilgan. Mazkur tibbiyot muassasasida bemorni jonlantirish bo‘limiga joylashtirish imkoniyati bo‘lmagani sababli u Kartal tuman shifoxonasiga ko‘chirilgan. Shifokorlar tomonidan ko‘rsatilgan zarur tibbiy muolajalarga qaramay, ayolning hayotini saqlab qolishning imkoni bo‘lmagan.

Marhumaning jasadi O‘zbekistonga qaytarildi.

Joriy yilning avgust oyi oxirida O‘zbekiston Mudofaa vazirligi ilk bor Xitoyda ishlab chiqarilgan va qurollanishga qabul qilingan J-10CE qiruvchi samolyotlari aks etgan videoni e’lon qilgan edi. O‘zbekiston Pokistondan keyin ushbu qiruvchi samolyotlarning ikkinchi xorijiy buyurtmachisiga aylandi. Turli davrlarda Jazoir, Bangladesh, Misr, Indoneziya va Sudan ham ushbu samolyotlarga qiziqish bildirgan.

Ushbu samolyotlar Xitoyda ishlab chiqarilgan J-10 qiruvchilarining eksport versiyasi – J-10CE hisoblanadi. Samolyotlarning O‘zbekistonga yetkazib berilishi uchinchi mamlakatlarga qarshi qaratilmagan. Bu haqda tugayotgan haftada Xitoy Mudofaa vazirligining rasmiy vakili Szyan Bin so‘z ochdi. 

“Xitoy va O‘zbekiston o‘rtasidagi, shuningdek, ikki mamlakat qurolli kuchlari o‘rtasidagi munosabatlar do‘stona xususiyatga ega. Tomonlar o‘rtasida harbiy savdo sohasidagi hamkorlikning me’yoriy rivojlanishi xalqaro huquq va xalqaro amaliyotga mos keladi hamda basharti biror-bir uchinchi tomonga qarshi qaratilmagan”, deydi u.

O‘zbekiston ikkinchi ma’muriyat davrida jangovar tayyorgarlik, mudofaa sohasini moderenizatsiya qilishga alohida e’tibor qaratmoqda. Mamlakatda “Tarlon” va “Qalqon” ko‘p maqsadli zirhli avtomobillari, shuningdek, yengil sovutlangan taktik mashinalar ishlab chiqarilmoqda. Shuningdek, harbiy va fuqarolik maqsadlariga mo‘ljallangan “Lochin” nomli dronlar va razvedkachi pilotsiz apparatlar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan. Og‘ir jangovar texnikalar, aviatsiya, raketa hamda havo hujumidan himoya tizimlari asosan import qilinadi.

Mamlakat Turkiyaning “Bayraktar TB2” razvedka-zarbdor dronlarini xarid qildi va ular hozirda chegaralarni qo‘riqlash hamda jangovar navbatchilikda qo‘llanilmoqda. Shuningdek, Turkiyaning TUSAŞ kompaniyasi ishlab chiqargan ANKA og‘ir uchuvchisiz aviatsiya komplekslarini yetkazib berish bo‘yicha ham kelishuvlarga erishilgan. Braziliyaning Embraer kompaniyasi ishlab chiqargan “C-390 Millennium” harbiy-transport samolyotlarini sotib olish bo‘yicha shartnoma imzolangan.

Sentyabr oyida Serbiyaga ilk davlat tashrifini amalga oshirgan Prezident Shavkat Mirziyoyevga mamlakat Prezidenti Aleksandr Vuchich birgalikda ballistik raketa ishlab chiqarishni taklif qildi, biroq O‘zbekiston ushbu taklifga qanday javob qaytargani rasmiy manbalarda ochiqlanmadi.

O‘zbekistonga katta pul oqimi kutilyapti. Yana kimdan, dunyoning xo‘jayinlaridan biri deb mubolag‘a qilinadigan “BlackRock” investitsiya kompaniyasidan. Bilasiz, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva AQSHda bo‘lib, mamlakatni BMT minbarida tamsil etib, o‘zining birinchi tarixiy nutqini qildi. Hozir gap Saida Mirziyoyevaning nutqi haqida emas, zotan bu bo‘yicha alohida ko‘rsatuv tayyorlaganmiz. Gap, Mirziyoyevaning AQSHga tashrifi bahonasida o‘tkazgan uchrashuvlarida. Unda iqtisodiy masalalar ustunlik qildi. 

Administratsiya rahbari Nyu-Yorkda “BlackRock” rahbariyati – kompaniya prezidenti Robert Kapito, vitse-rais Tomas Donilon, “Global Infrastructure Partners” raisi va bosh ijrochi direktori Adebayo Ogunlesi, Moliyaviy va strategik investorlar guruhi global rahbari hamda kompaniyaning Yaqin Sharq mintaqasi bo‘yicha rahbari Charlz Xatami bilan uchrashdik.

Men sizga aytsam, bu shunchaki uchrashuv emas, “BlackRock” esa kichkina kompaniya ham emas. U dunyodagi eng yirik investitsiya va aktivlarni boshqarish kompaniyasidir. 1988 yilda Larri Fink (Larry Fink) va uning sheriklari tomonidan AQSHda (Nyu-York) tashkil etilgan. Uning boshqaruvidagi aktivlar hajmi 10 trillion dollardan ortiqni tashkil etadi.

“BlackRock” haqida gap ketganda, ommaviy axborot vositalarida va geosiyosiy tahlillarda “dunyoni parda ortidan boshqaruvchi yashirin kuch” yoki “dunyo xo‘jayini” degan sifatlashlar tez-tez uchraydi.

Bunga yetarli asoslar mavjud. Masalan, 2008 yildagi iqtisodiy inqirozda hamda 2020 yildagi pandemiya davrida AQSH Federal Zaxira Tizimi milliardlab dollarlik qimmatli qog‘ozlarni sotib olish va bozorni qutqarish vazifasini aynan “BlackRock”ga topshirgan.

“BlackRock” investitsiya kiritishdan bosh tortgan davlat yoki sektor iqtisodiy qiyinchilikka duch keladi, degan qarashlar ham yo‘q emas. Ular belgilaydigan ekologik va ijtimoiy mas’uliyat standartlari butun dunyo bo‘ylab kompaniyalarning siyosatini o‘zgartirishga majbur qiladi. 

O‘zbekiston ushbu kompaniya bilan ilk muloqotni 2025 yilda Prezident darajasida boshlab bergan edi. 2025 yilning iyun oyida kompaniya rahbariyati Toshkentga keldi. O‘sha yilning sentyabr oyida esa Prezident Shavkat Mirziyoyev AQSHga qilgan safarida kompaniyaning direktorlar kengashi a’zosi va katta boshqaruvchi direktori Adebayo Ogunlesini qabul qildi. Xuddi shunday uchrashuvlar joriy yilning yanvar oyida Shveysariyaning Davos shahrida o‘tgan Tinchlik forumi doirasida ham o‘tkazildi. Kompaniya rahbariyati bilan oxirgi uchrashuv joriy yilning iyul oyida Toshkentda o‘tdi. 

Saida Mirziyoyeva “BlackRock” rahbariyati bilan tarixiy uchrashuviga izoh berarkan, muloqotda 2027 yilda Toshkent xalqaro moliya markazi faoliyatini yo‘lga qo‘yish masalasi muhokama qilingani, kompaniya ushbu Markaz konsepsiyasi va tuzilmasini ishlab chiqishda ko‘maklashayotganini bildirdi. 

“AQSH ishbilarmon doiralari vakillari ishtirokidagi qo‘shma davra suhbatida O‘zbekiston hamda mintaqamizning yaqin o‘n yilliklarga mo‘ljallangan rivojlanish istiqbollari yuzasidan fikr almashdik.  O‘zbekiston yirik, samarali, sifatli sarmoyalar uchun yangi imkoniyatlar maydoniga aylanmoqda”, deydi Prezident Administratsiyasi rahbari. 


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing