O‘zbekistonga pul o‘tkazmalarida Rossiyaning ulushi kamayishda davom etyapti

Jamiyat

image

Joriy yilning birinchi choragidagi ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonga xorijdan kelib tushgan pul o‘tkazmalarida Rossiyaning ulushi 77,6 foizdan 72,4 foizgacha pasayib, Rossiyada patent asosida mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan O‘zbekiston fuqarolari soni o‘tgan chorakka nisbatan 8,8 foizga kamaygan. Bu haqda Markaziy bank e’lon qilgan 2026 yil I choragiga doir mehnat bozori sharhida keltirilgan.

Qayd etilishicha, joriy yilning I choragida aholi harakatlanuvchanligi (mobilligi) o‘sishda davom etgan. Ushbu davrda xorijga chiqqan O‘zbekiston fuqarolari soni 1,63 mln nafarni tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 11,6 foizga oshgan.

Bundan tashqari, joriy davrda havo yo‘llari transportida tashilgan yo‘lovchilar soni sezilarli oshib, 2,25 mln nafarni tashkil etgan. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 32 foizga yuqori bo‘lgan.

So‘nggi mavjud ma’lumotlarga ko‘ra, 2026 yil I choragida Rossiyada patent asosida mehnat faoliyatini amalga oshirgan O‘zbekiston fuqarolari soni 1,34 mln nafarni tashkil qilgan. Bu o‘tgan chorakka nisbatan 8,8 foizga, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan esa 1,8 foizga kam bo‘lib, mavsumiy omillar hamda tashqi mehnat bozori sharoitlaridagi o‘zgarishlar bilan izohlanishi mumkin.

Markaziy bankning bildirishicha, mehnat migratsiyasi yo‘nalishlarini diversifikatsiya qilish jarayoni davom etmoqda. Xususan, Turkiyaga migratsiya bo‘yicha rasmiy ruxsatnomalar soni oshib bormoqda. Turkiya Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Migratsiyani boshqarish organi ma’lumotlariga ko‘ra, I chorakda bunday ruxsatnomalar soni qariyb 70 mingtani tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 14 foizga oshgan.

Janubiy Koreyada bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolari soni ham I chorakda barqaror o‘sishni davom ettirib, 99,6 ming nafarga yetgan.

Shuningdek, pul o‘tkazmalari hajmi ham 2026 yil I choragida o‘sish tendensiyasini saqlab qolib, 3,8 mlrd AQSH dollarini tashkil etgan va o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 13 foizga oshgan.

Pul o‘tkazmalari tarkibida ham mamlakatlar kesimida diversifikatsiya jarayonlari davom etgan. Xususan, 2026 yil I choragida Rossiyadan kelib tushgan pul o‘tkazmalarining ulushi o‘tgan yilning mos davridagi 77,6 foizdan 72,4 foizgacha pasaygan. Bunga asosiy sabab qilib, yil boshidan patent to‘lovlarining oshishi, rubl kursining nisbatan mart oyida qadrsizlanishi, hamda mehnat migratsiyasi yo‘nalishlarining kengayishi ko‘rsatilgan.

Shu bilan birga, umumiy pul o‘tkazmalarida Qozog‘istonning ulushi 1 foiz bandga oshib 4,1 foizni, Yevropa davlatlarining ulushi 1 foiz bandga oshib 3,3 foizni, Janubiy Koreyani ulushi 0,6 foiz bandga oshib 4,1 foizni tashkil etgan. Boshqa davlatlar ulushi esa 2,6 foiz bandga oshib, 16,2 foizga yetgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq 2026 yilning birinchi choragida O‘zbekistonga xalqaro pul o‘tkazmalari orqali kelib tushgan mablag‘lar hajmi 13 foizga oshib, 3,8 mlrd dollarni tashkil etgani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing