O‘zbekistonga noqonuniy tarzda dron olib kirganlarni jazolash tartibi o‘zgardi

Jamiyat

image

O‘zbekistonda ayrim toifadagi jinoiy qilmishlar uchun javobgarlik liberallashtirildi. Kecha, 15 mart kuni Prezident tomonidan imzolangan qonun bilan ayrim kodekslarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.

Jinoyat kodeksiga kiritilgan o‘zgartirishga ko‘ra:

Uchuvchisiz uchadigan apparatlarni, ularning butlovchi va ehtiyot qismlarini qonunga xilof ravishda olib kirish, o‘tkazish, olish, saqlash yoki ulardan foydalanish, shunday harakatlar uchun ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilgan bo‘lsa, quyidagicha jazolanadi:

  • bazaviy hisoblash miqdorining 25 baravaridan 50 baravarigacha (8 mln 500 ming so‘mdan 17 mln so‘mgacha) miqdorda jarima;
  • 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari;
  • 3 yilgacha ozodlikni cheklash;
  • 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish.

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga quyidagi qo‘shimchalar kiritildi:

Uchuvchisiz uchadigan apparatlarni, ularning butlovchi va ehtiyot qismlarini qonunga xilof ravishda olib kirish, o‘tkazish, olish, saqlash yoki ulardan foydalanish, uchuvchisiz uchadigan apparatlarni, ularning butlovchi va ehtiyot qismlarini musodara qilib, bazaviy hisoblash miqdorining 10 baravaridan 20 baravarigacha (3 mln 400 ming so‘mdan 6 mln 800 ming so‘mgacha) miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Mazkur harakatlarni sodir etgan shaxs, agar u uchuvchisiz uchadigan apparatlarni, ularning butlovchi va ehtiyot qismlarini o‘z ixtiyori bilan topshirsa, ma’muriy javobgarlikdan ozod qilinadi.

Ilgari bu norma mavjud emas edi. 

Endilikda uchuvchisiz uchadigan apparatlarni qonunga xilof ravishda olib kirish, o‘tkazish, olish, saqlash yoki ulardan foydalanish uchun avval ma’muriy, keyin jinoiy javobgarlik belgilandi. Avval to‘g‘ridan to‘g‘ri jinoiy javobgarlik belgilangan edi.

Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran 3 oy o‘tgach kuchga kiradi.


Maqola muallifi

Teglar

dron javobgarlik jinoyatlar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing