Kurs UZS

USD

12 947.20

26.76

EUR

14 222.50

-30.04

RUB

153.38

-0.14

O‘zbekistonga Leapmotor importi taqiqlandi. Buning sababi nima?

Jamiyat

image

Ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekistonga Xitoyning Leapmotor avtomobillarini import qilish taqiqlangani haqidagi xabarlar tarqaldi va ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘ldi. Mazkur xabarlar yuzasidan Texnik jihatdan tartibga solish sohasida nazorat inspeksiyasi munosabat bildirdi.   

Qayd etilishicha, yaqinda laboratoriyada Xitoyning Leapmotor kompaniyasiga tegishli C16 rusumli avtomobil sinovdan o‘tkazilgan.

“Natijalar shuni ko‘rsatdiki, ushbu avtomobil xalqaro standartlarga, xususan, Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan belgilangan xavfsizlik talablariga javob bermaydi. (belgilangan me’yordan 16 baravar ko‘p)”, deyiladi munosabatda.

Bildirilishicha, “O‘zbekiston ilmiy-sinov va sifat nazorati markazi” davlat muassasasining sinov laboratoriyasi tomonidan joriy yilning 10 mart kuni SB-0309-388/25-sonli sinov bayonnomasiga asosan “ustuvorlik va tashqi elektromagnit nurlanishga bardoshlilik (keng polosali elektromagnit shovqinlar)” talablariga nomuvofiqlik holati aniqlangan.

“Elektromagnit moslashuvchanlik (EMS) – elektron qurilmalar va tizimlar o‘rtasida elektromagnit maydonlar ta’sirini minimallashtirish uchun o‘tkaziladigan muhim sinov. Bunday sinovlar transport vositalari uchun ham zarur, chunki elektromagnit maydonlarning avtomobil elektron tizimlariga ta’siri xavfsizlikka jiddiy ta’sir qilishi mumkin. Bundan tashqari, elektromagnit nurlanishning inson salomatligiga ta’siri ham muhim masala hisoblanadi. Tadqiqotlarga ko‘ra, yuqori darajadagi elektromagnit maydonlar organizmga salbiy ta’sir ko‘rsatishi, jumladan, asab tizimi, yurak-qon tomir tizimi va hatto saraton kasalliklari xavfini oshirishi mumkin. Shu sababli, avtomobil tanlashda xalqaro talab va standartlarga javob beradigan mahsulotlarni afzal ko‘rishni hamda avtomobil tanlashda xavfsizlik me’yorlariga rioya qilgan holda rasmiy dillerlarga murojaat qilishingizni so‘raladi”, deyiladi munosabatda.

Bildirilishicha, O‘zbekistonda elektromagnit moslashuvchanlik (EMS) sinovlari O‘zbekiston ilmiy-sinov va sifat nazorati markazining Piskent tumanida joylashgan maxsus laboratoriyasida o‘tkaziladi. Ushbu laboratoriya xalqaro O‘z DSt ISO/IEC 17025:2019 standartiga muvofiq akkreditatsiya qilingan.

Eslatib o‘tamiz, Vazirlar Mahkamasining “Elektrodvigateliga ega bo‘lgan transport vositalari akkumulyator batareyalarini utilizatsiya qilish infratuzilmasini tashkil etish ishlarini moliyalashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bilan chetdan olib kiriladigan elektromobillarga utilizatsiya narxi oshishi belgilangandi. Qarorga ko‘ra, 2025 yil 1 maydan boshlab import qilinadigan elektromobillar uchun utilizatsiya yig‘imi transport vositasi ishlab chiqarilgan yiliga qarab 45 mln so‘mdan 78,5 mln so‘mgacha bo‘ladi. Shu vaqtgacha ishlab chiqarilganiga 3 yildan oshmagan elektromobillarni olib kirgan tadbirkor utilizatsiya yig‘imi uchun BHMning 30 baravari miqdorida 11 mln 250 ming so‘m pul to‘lagan bo‘lsa, endi BHMning 120 baravari 45 mln so‘m pul to‘laydi. Ishlab chiqarilganiga 3 yildan oshgan elektromobillar uchun avvalgi to‘lov summasi BHMning 90 baravari 33 mln 750 ming so‘m bo‘lgan bo‘lsa, endi BHMning 210 baravari 78 mln 750 ming so‘mga oshgan.


Maqola muallifi

Teglar

Xitoy import Leapmotor

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing