O‘zbekistonga kelayotgan yo‘lovchining sumkasidan 3 metrlik noyob ilon chiqdi (video)
Jamiyat
−
28 Sentabr
71552Toshkent viloyatidagi “G‘ishtko‘prik” chegara bojxona postida mamlakatga 3 metrlik ilonni olib kirishga urinish fosh qilindi. Bu haqda Toshkent viloyati bojxona boshqarmasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, “G‘ishtko‘prik” chegara bojxona postida qo‘shni davlatdan kirib kelgan piyodaga tegishli qo‘l sumkasi nazorat-rentgen uskunasi orqali ko‘zdan kechirilganida, uning ichida bojxona xodimlarining og‘zaki so‘rovida va yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida ma’lum qilinmagan 1 bosh ilon borligi aniqlangan.
“3 metr uzunlikdagi mazkur ilon dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, yo‘lbarssimon albinos bo‘g‘ma iloni bo‘lib, asosan Janubiy va Janubiy-sharqiy Osiyoda yashaydi”, deyiladi xabarda.
Bildirilishicha, Xalqaro Qizil kitobga kiritilganligi sababli mazkur jonivorni O‘zbekiston Respublikasiga olib kirishda xalqaro CITIES ruxsatnomasi talab etiladi. Ammo yuqoridagi holatda yo‘lovchi bu kabi hujjatlarni bojxona xodimlariga taqdim qila olmagan.
Holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan surishtiruv harakatlari davom ettirilmoqda.
Ilon esa Toshkent hayvonot bog‘iga topshirilgan bo‘lib, mutaxassislar uning holatini barqaror deb baholashmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qirg‘izistonning O‘sh viloyatida 34 bosh yilqini O‘zbekistonga o‘tkazishga uringan kontrabandachilar qo‘lga olingan edi.