O‘zbekistonga bir yilda tonnalab qora dori “oqib kirgan”

Jamiyat

So‘nggi 5 yilda O‘zbekistonda narkojinoyatlar soni qariyb 2 baravarga, noqonuniy muomaladan olingan giyohvandlik vositalari musodarasi 8,5 baravarga, sintetik giyohvandlik vositalari musodarasi esa 400 baravarga ko‘paygan. Bu esa Birlashgan Millatlar Tashkilotining Narkotiklar va jinoyatchilik boshqarmasini O‘zbekistonga yetakladi. 

Toshkentda BMTning mazkur boshqarmasi, Prezident Administratsiyasi huzuridagi Narkotiklarni Nazorat qilish Milliy Markazi ishtirokida mazkur mavzuning muhokamasi bo‘lib o‘tdi. 

“Joriy yilda birgina bojxona organlari tomonidan to‘xtatib qolingan giyohvandlik vositalarining miqdori 1 tonnaga yaqinlashmoqda, ya’ni 974 kilogrammdan oshdi. Vaziyat xavotirli, ayniqsa, Afg‘onistondagi vaziyatni ko‘rib turibmiz. Pandemiyadan keyin esa yana bir vaziyat avj olmoqda — bu an’anaviy giyohvandlik vositalari bilan sintetik giyohvandlik vositalari o‘rtasidagi kim o‘zar holati. Sintetik giyohvandlik vositalari eng fojiali, bemalol aholini xatarga soladigan darajada. Ogohlantirish kerakki, sintetik giyohvandlik vositasining bir necha yuz grammi an’anaviy narkotik moddalarning bir necha yuz kilogrammi bilan tenglasha oladi.

Eng ko‘p aniqlanayotgan holatlarga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, albatta, Afg‘oniston bilan chegara orqali O‘zbekistonga ko‘p giyohvandlik vositalari kirib keladi”, dedi Bojxona qo‘mitasi matbuot kotibi Husan Tangriyev. 

Afg‘oniston haqida gap ketar ekan, uning o‘zida narkologik vaziyat qandayligi qiziq. Dunyo ko‘z oldida allaqachon “giyohvandlik vositalari markazi” degan taassurot qoldirgan mamlakat bu qora tahlikadan qutila olyaptimi?

Toshkentdagi tadbirda Afg‘onistondagi vaziyat bo‘yicha ham bayonot e’lon qilindi. 

“Hozir Afg‘onistonda boshqa tirikchilik usullari qidirilmoqda. Shunga qaramay, mamlakatda giyohvandlik vositalarini ekish ma’lum miqdorda oshyapti va hattoki qo‘shni mamlakatlarga, Afg‘oniston bilan chegaradosh davlatlar ichiga ham kirib boryapti. Tahlillarimiz shuni ko‘rsatmoqdaki, avvallari bunday ekin maydonlari ko‘proq janubiy hududlarda uchragan bo‘lsa, yaqinda ular shimoliy hududlarga ko‘chgan. Masalan, deyarli to‘qqiz foiz ekinlar Badaxshon viloyatida yetishtirilmoqda. O‘rta Osiyo va boshqa hududlarda ko‘knorni yetkazib berishning noqonuniy savdosi kuzatilyapti, ularga qo‘yilayotgan taqiqning esa samarasi bo‘lmayapti. Asosan musodara qilinayotgan giyohvandlik vositalari Afg‘onistondan kelgan”, dedi BMTning Narkotiklar boshqarmasining Toshkent shahridagi markazi rahbari Salome Flores Serra .

BMT ma’lumotlariga ko‘ra, bugungi kunda dunyo bo‘ylab 300 million kishi giyohvandlik vositalarini iste’mol qilmoqda. Odam savdosi qurbonlari soni esa bir yilda 5 million kishidan oshyapti. Bu esa ko‘plab mamlakatlar qatori O‘zbekistonni ham tashvishga solmoqda.

“Birgina joriy yilni o‘tgan davri mobaynida an’anaviy narkotiklardan 66 kilogramm opiy, shuningdek, 8,2 kilogramm kokain, 9,5 kilogramm ko‘knori, 48 kilogrammdan ziyod geroin aniqlanyapti. Shuningdek, 221-222 kilogrammga yaqin gashish aniqlamoqda.

Endi sintetik giyohvandlik vositalari haqida to‘xtalib o‘tsam. Buni ham qaysi turlari ko‘proq kirib kelmoqda, degan savolga qaraydigan bo‘lsak, eng ko‘p “alfa-pvp”, “amfetamin”, “metafitamin” hamda “mefedron” kabi sintetik giyohvandlik vositalarini olib o‘tishga urinishda ko‘proq ko‘zga tashlanyapti.

Aslida bu dolzarbligi bundan ham qolishmaydi. Bu kuchli ta’sir qiluvchi moddalar, masalan, “tramadol”, “zoplilon” kabi dori vositalarini noqonuniy olib o‘tishga bo‘lgan urinishlar ko‘proq ko‘zga tashlanyapti. Agar raqamlarga to‘xtaladigan bo‘lsak, joriy yilda salkam besh yuz ming dona psixoaktiv kuchli ta’sir qiluvchi moddalar huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan to‘xtatib qolingan. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan bir yarim barobarga oshganini ko‘rsatadi”, dedi Tangriyev.

Mutaxassislarning aytishicha, butun dunyoda, jumladan, O‘zbekistonda ham sintetik giyohvandlik vositalarining iste’moli "yosharmoqda". Ya’ni, bunday giyohvandlik vositalarini asosan maktab o‘quvchilari, bolalar iste’mol qilmoqda. Bunday sintetik giyohvandlik vositalari turlari yildan-yilga, kundan-kunga ko‘payib borayotgani, ularni aniqlash va topish esa murakkablashib borayotgani sababli ham mas’ullar, kerak bo‘lsa ota-onalar o‘z bolalarini o‘zlari nazorat qilishlari kerakligini aytmoqda.

"Eng achinarli holatlardan yana bittasi shundaki, narkotiklarning yangi turlarini hidini yoki ko‘rinishini bilib bo‘lmaydi va yangi turdagi narkotiklarni iste’mol qilishda ilgariga klassik narkotiklar kabi “lomka” holatlari, og‘riq holatlari yo‘qligi va buni ota-onalar nazaridan biroz chetda qolib ketishi mumkin. Shuningdek, bu dorilar iste’molidan keyin yoshlarimizda ozgina kuch-g‘ayratga to‘lish holatlari bo‘layotganligi sababli yoshlar nazorati biroz sustlashgan.

Bundan tashqari, yana bir tarqalish holatlaridan biri bu, buni tan olishimiz kerak, xohlaymizmi yo‘q, buni gapirmasak bo‘lmaydi: yoshlarimizning gadjetlarga, telefonlarga berilganligi va hozirgi kunda aynan narkotiklarning qo‘ldan qo‘lga sotilishi internet makonida, ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqalayotganligi ko‘p bo‘lmoqda. Internet makondagi reklamalar ham yoshlarni bu kabi holatlarga kirib ketishiga sabab bo‘lmoqda. Ko‘p holatlarda esa do‘stlardan eshitishlar yoki maktablarda yoshi kattalar tomonidan aldovlar orqali ushbu dorilar taklif etilishi mumkin.

Ba’zi bir maktablarda yoshi kattalar kelib, “Agar yaxshi o‘qishni istasang, mana shu narsani iste’mol qilib ko‘r”, yoki “Matematikani, teoremalarni tez o‘rganishni istasang, mana shu dori senga yordam beradi”, degan kabi aldovlar bor. Ushbu aldovlar sababli yoshlar bilmay iste’mol qilib qo‘yyapti va eng achinarli holati shundaki, sintetik narkotiklar va kuchli ta’sir etuvchi dori vositalari birinchi iste’moldan tobelik uyg‘otmoqda va ular unga bog‘lanib qolmoqda. Uni chiqarib tashlash, “bo‘ldi, boshqa iste’mol qilmayman”, deyish juda ham qiyin bo‘lyapti”, dedi Prezident Administratsiyasi huzuridagi Narkotiklarni nazorat qilish milliy markazi bo‘lim boshlig‘i Shuhratjon G‘ulomov.

Giyohvandlik vositalarini yetishtirish va ularning savdosi haqida gap ketar ekan, Samarqand viloyatining Urgut tumanini eslamaslik mumkin emas. Shu mavzudagi hazillarning markazida ham aynan Urgut tumani turishi hech birimizni ajablantirmaydi. Xo‘sh, Urgut tumani O‘zbekistonning giyohvandlik markazimi? 

“Ba’zi manbalarda, xalq orasida shunday naql tarqalgan, lekin bu haqiqatga yaqin emas. Ammo gap klassik narkotiklar haqida ketganda, ha, Urgut haqiqatdan ham o‘zimizda yetishtirilgan yoki Afg‘onistondan o‘tadigan narkotiklar savdosi biroz yuqori bo‘lgan hududdir. Bunga sabab asosan uning chegara hududi bo‘lgani va o‘sha yerdan ko‘p narkotik tranzit qilingani bilan bog‘liqdir. Shu kabi holatlar sababli narkotik moddalar o‘sha hududda keng tarqalgan”, deya tushuntirdi G‘ulomov.


Maqola muallifi

Teglar

Afg'oniston BMT Prezident Administratsiyasi giyohvandlik vositalari

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing