O‘zbekistondan Fransiyaga eksport hajmi qariyb 2 baravarga ortdi
Jamiyat
−
12 mart
34792024 yilda O‘zbekistondan Fransiyaga eksport hajmi qariyb ikki baravar ortib, 800 million dollarni tashkil etdi. Bu haqda O‘zbekiston Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, kecha, 11 mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Fransiya Respublikasiga davlat tashrifi arafasida Parij shahrida ikki mamlakatning tegishli vazirliklari, idoralari rahbarlari hamda 100 ga yaqin yetakchi kompaniyalari, moliya va biznes tashkilotlari rahbarlari ishtirokida Fransiya-O‘zbekiston biznes-forumi bo‘lib o‘tgan.
Tadbirda so‘zga chiqqan Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov biznes-forumning ikki tomonlama munosabatlarni mustahkamlash va iqtisodiy hamkorlikni kengaytirishning yangi imkoniyatlarini o‘rganish uchun o‘ziga xos muloqot maydoni sifatidagi ahamiyatini yuqori baholagan.
Savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlikning barqaror dinamikasi qayd etilgan. Xususan, 2024 yilda ikki davlat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 1,1 milliard dollarga yetgan, bu oldingi yilga nisbatan 14 foizga ko‘p. Shu bilan birga, O‘zbekistondan Fransiyaga eksport hajmi qariyb ikki baravar ortib, 800 million dollarni, import esa 330 million dollarni tashkil etgan.
Bugungi kunda O‘zbekistonda 50 dan ortiq fransuz kompaniyasi muvaffaqiyatli faoliyat yuritib, rivojlanayotgan ishbilarmonlik muhitiga o‘z hissasini qo‘shmoqda.
O‘zbekistonda energetika, infratuzilma, atrof-muhitni muhofaza qilish, aviatsiya, oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish va turizm sohalarida o‘z tajribasini olib kirayotgan dunyoga mashhur Orano, SUEZ, Veolia, Total Energies, Voltalia, EDF, Lactalis, Airbus, MND va boshqa ko‘plab kompaniyalar bor.
Laziz Qudratov munosabatlarni chuqurlashtirish uchun foydalanilmagan katta imkoniyatlarga to‘xtalar ekan, hamkorlikni yanada rivojlantirishning qator yo‘nalishlarini, jumladan, transport va logistika jihatidan o‘zaro bog‘liqliqni rivojlantirish, savdo yo‘laklarini diversifikatsiya qilish va geologiya-qidiruv ishlarini olib borish, shuningdek, O‘zbekiston ehtiyojlariga moslashtirilgan fransuz texnologiyalarini joriy etish orqali innovatsion rivojlanish muhimligini ta’kidlagan.
Shu bilan birga, investorlar manfaatlariga javob beradigan va mamlakat iqtisodiyotini sifat jihatidan o‘zgartirish va barqarorligini oshirishga qaratilgan yangi qo‘shma tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashga tayyorlik bildirilgan.
O‘z navbatida, forumda so‘zga chiqqan MEDEF International raisi va Orano kompaniyasi direktorlar kengashi raisi Klod Imoven O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarni yuqori baholagan va fransuz biznesi vakillarini O‘zbekiston bozorida faol kirib borishga chaqirgan.
“Forum doirasida B2B va G2B formatidagi uchrashuvlar tashkil etilib, ikki mamlakat ishbilarmon doiralariga o‘zaro muloqot qilish va hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini o‘rganish uchun yaxshi imkoniyat bo‘ldi”, deyiladi xabarda.
Bildirilishicha, forum yakunlari bo‘yicha qishloq xo‘jaligi, energetika, yashil iqtisodiyot, shaharsozlik, suv ta’minoti va transport, konchilik, sog‘liqni saqlash, ta’lim va boshqa sohalardagi hamkorlikni yanada rivojlantirish va loyihalarni amalga oshirishni belgilab beruvchi 20 dan ortiq bitim va shartnomalar imzolangan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Shavkat Mirziyoyev Fransiya Respublikasi Prezidenti Emmanuel Makronning taklifiga binoan davlat tashrifi bilan Parij shahriga borgani xabar qilingandi. Samolyot oldida O‘zbekiston yetakchisini Fransiya milliy ta’lim, oliy ta’lim va ilmiy tadqiqotlar vaziri, sobiq bosh vazir Elizabet Born, Parij harbiy okrugi qo‘mondoni general Loik Mizon va boshqa rasmiy shaxslar kutib olgan. Tashrifning asosiy tadbirlari bugun, 12 mart kuniga mo‘ljallangan.
LiveBarchasi