O‘zbekistondan 4 ming yil avvalgi jarrohlik amaliyoti izlari topildi

Bu qiziq

image

O‘zbekiston hududida 4 ming yil avval, bronza davriga mansub bolaning bosh suyagida trepanatsiya (kalla suyagini teshish) izlari aniqlandi. Bu topilma Markaziy Osiyoda hozirgacha ma’lum bo‘lgan eng qadimiy jarrohlik dalillaridan biri sifatida baholanmoqda. Bu haqda Turkiyaning “Arkeofili” jurnalida maqola e’lon qilindi.

Tadqiqotchilar ma’lumotiga ko‘ra, taxminan 5 yoshida vafot etgan bolaning skeleti so‘nggi oylarda olib borilgan qazish ishlari davomida topilgan. U bilan birga yana 3 yosh atrofida vafot etgan boshqa bir bolaning qoldiqlari ham bir xil qabrdan aniqlangan.

Mutaxassislar qayd etishicha, 5 yoshli bolaning bosh suyagida tosh yoki suyakdan yasalgan asboblar yordamida amalga oshirilgan “kalla suyagini trepanatsiya qilish” izlari yaqqol ko‘rinadi. Qadimda bunday amaliyot epilepsiya, migren yoki ruhiy xastaliklarni davolash maqsadida bajarilgan bo‘lishi mumkin. Biroq tadqiqotchilar o‘sha davrda tibbiyot va marosim amaliyotlari o‘rtasidagi chegaralar aniq bo‘lmaganini ta’kidlamoqda.

Kashfiyot O‘zbekiston janubida, Afg‘oniston chegarasiga yaqin bo‘lgan arxeologik hududda, Italiya va O‘zbekiston arxeologlari hamkorligidagi ekspeditsiya davomida amalga oshirilgan.

Qazish ishlari bronza davriga oid Jarqo‘ton manzilgohiga qaratilgan bo‘lib, mutaxassislar bu qabristonni miloddan avvalgi III ming yillik oxirlariga mansub deb hisoblamoqda. O‘sha davrda Jarqo‘ton Oks sivilizatsiyasi (Baqtriya-Marg‘iyona arxeologik majmuasi)ning muhim shahar markazlaridan biri bo‘lgan.

Tadqiqotchilar bu sivilizatsiya yirik daryo va vohalar bo‘ylab rivojlanganini, kuchli qishloq xo‘jaligi va boy moddiy madaniyatga ega bo‘lganini qayd etgan. Uning inqirozi esa yirik daryolarning qurishi bilan bog‘liq iqlim o‘zgarishlari natijasida yuz bergan bo‘lishi mumkin.

“Jarqo‘ton bizni hanuz hayratga solmoqda. 4 ming yil avval Markaziy Osiyoda kichik bolaga bunday murakkab jarrohlik amaliyotining bajarilishi juda g‘aroyib holat”, degan arxeolog Enriko Askalone.

Shu bilan birga, olimlar bu kashfiyot bir qator savollarni ham keltirib chiqarganini ta’kidlamoqda: bunday operatsiyani kim bajargan, qanday tibbiy bilimlarga ega bo‘lgan va nega aynan 5 yoshli bola tanlangan — bu savollar keyingi tadqiqotlarda o‘rganilishi ko‘zda tutilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq xalqaro arxeologlar jamoasi O‘zbekiston janubidagi Toda g‘oridan toshdan yasalgan o‘roqlar, yovvoyi arpa va boshqa donli ekinlar urug‘lari, shuningdek, taxminan 9,2 ming yil oldin mahalliy ovchi-terimchilar yig‘gan turli o‘simlik qoldiqlarini topgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing