O‘zbekistondagi telekanallarda chet el seriali sutkada bir marta qo‘yilishi belgilandi

Jamiyat

image

O‘zbekistondagi nodavlat telekanallarda endi bir sutkada faqatgina bir marta xorijiy mamlakatlarda ishlab chiqarilgan seriallar namoyish etiladi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov imzolagan hujjatda aytilgan, deb xabar bermoqda  QALAMPIR.UZ manbasi.

Axborot faoliyati va ma’lumotlar uzatishni takomillashtirish va samaradorligi oshirish bo‘yicha idoralararo muvofiqlashtirish komissiyasining joriy yil 25 iyul kuni imzolagan 124-bayonida nodavlat telekanallar faoliyati bo‘yicha ayrim cheklovlar o‘rnatilgan. 

Unda qayd etilishicha, Ommaviy axborot vositalarini liberallashtirish va rivojlanishini ta’minlashga qaratilgan huquqiy baza yaratilganiga qaramasdan, ayrim nodavlat teleradiokanallarda o‘zbek xalqiga begona bo‘lgan madaniyat, urf-odat va qadriyatlarni, ayniqsa, yosh avlodnining tarbiyasi va ongiga salbiy ta’sir etuvchi urush, zo‘ravonlik va terrorizmni, shuningdek milliy, irqiy, etnik yoki diniy adovat qo‘zg‘atuvchi hamda giyohvandlik, tamaki va alkogol mahsulotlar savdosi va iste’mol qilinishi kabi kabi salbiy illatlarni targ‘ib qiluvchi O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonunchilik talablariga zid bo‘lgan chet el seriallarini namoyish etish holatlari kuzatilmoqda. 

Bunga esa nodavlat teleradiokanallarda an’anaviy bilim va ko‘nikmalarga ega, hayotga doimo sergak ko‘z bilan qaraydigan, xalq va Vatan manfaatini hamma narsadan ustun qo‘yadigan, global media makonida keskin raqobatga dosh bera oladigan, faol grajdanlik pozitsiyasiga ega zamonaviy kadrlarning yetishmasligi va original ko‘rsatuv ishlab chiqish hajmining pastligi sabab bo‘lmoqda. 

Hukjjat nodavlat telekanallar uchun quyidagilar qat’iy asosda belgilab berilgan. Teleradiokanallarda kunlik efir jadvalini tuzishda shunday tartib o‘rnatiladiki, unga muvofiq: 

•    efir vaqtining asosiy qismini original ko‘rsatuvlar bilan to‘ldirish, milliy badiiy film va seriallarga ustuvorlik berish

•    chet el serialini bir sutkada faqat bir martadan ko‘p bo‘lmagan holda namoyish etish belgilanadi.

Telekanallarda namoyish etiladigan chet el seriali qat’iy ravishda O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonunchilik talablariga javob berishi ta’minlanishi shart. 

“Teleradiokanallarda an’anaviy bilim va ko‘nikmalarga ega, hayotga doim sergak ko‘z bilan qaraydigan, xalq va Vatan manfaatini hamma narsadan ustun qo‘yadigan, global media makonida keskin raqobatga dosh bera oladigan, faol grajdanlik pozitsiyasiga ega zamonaviy kadrlarni tayyorlash va malakasini oshirish o‘zlarining asosiy vazifalaridan biri etib belgilasinlar. 

O‘zlarining maqsad va vazifalaridan kelib chiqqan holda teleradiokanallar mamlakatimiz aholisini, shuningdek chet el jamoatchiligini O‘zbekistonning ijtimoiy, iqtisodiy va madaniy hayotidagi ijobiy o‘zgarishlar to‘g‘risidagi xolis va haqqoniy xabardor qilishga, yosh avlodni milliy qadriyatlar asosida tarbiyalash, xalqimizning boy tarixi, madaniyati, an’ana va madaniy-ma’naviy merosini, asrab-avaylashga yo‘naltirilgan original ko‘rsatuvlar hajmini ko‘paytirish choralarini ko‘rsinlar”, deyiladi Hukumat komissiyasi bayonida. 

Ushbu hujjat bilan joriy etilgan tartibni 10 kun muddat ichida barcha nodavlat teleradiokanallarga yetka O‘zbekiston elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasiga yuklangan. 

Bugungi kunga kelib, O‘zbekistonda 1800 dan ortiq ommaviy axborot vositalari faoliyat yuritib kelayotgan bo‘lsa, bundan 90dan ziyodini nodavlat telekanallar tashkil etadi. 

O‘zbekiston telekanallarida so‘nggi ikki yilda xorijiy seriallar namoyishi keskin ortdi. Ayniqsa, turk seriallarini telekanallar daromad manbaiga aylantirdi. Hozirda xususiy telekanallarda bir kunda ikkitadan, 5-6 tagacha turk seriallari namoyish etilayotgani ham bu borada allaqachon kimo‘zar boshlanganini isbotlaydi. 

Ma’lumot o‘rnida, 2017 yil oxirlarida O‘zbekistondagi “Zo‘r” telekanalida namoyishi boshlangan “Sevgi iztirobi” turk seriali 2018 yilning fevral oyi o‘rtalariga kelib efirdan olib tashlangan edi.

2018 yilning 14 fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov “Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash va oila institutini mustahkamlash sohasidagi faoliyatni tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmonining ijrosiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida ushbu serialni tanqid qilib, xususiy telekanallarda efirga uzatilayotgan seriallarning mazmun-mohiyatiga e’tibor qaratish bo‘yicha mutasaddilarga zarur ko‘rsatmalar berib, “Zo‘r” telekanalida namoyish etilayotgan “Sevgi iztirobi” serialini tanqid qilgan edi. 

Hukumat raisining tanqididan so‘ng, 2018 yilning 17 fevraliga kelib serial efir dasturidan olib tashlangandi. Joriy yilning 29 iyulidan e’tiboran serial yana efirga qaytayotgani ma’lum qilindi. Shu kuni serailning qolgan qismi namoyish etildi. QALAMPIR.UZ`da “Zo‘r”dan zo‘r chiqdi! Bosh vazir taqiqlagan serial yana ekranga qaytdi" nomli maqola e’lon qilingach, kecha, 30 iyul kuni “Sevgi iztirobi” namoyishi yana to‘xtatildi

Ayni vaqtda mamlakatdagi eng yuqori reytinglarda turadigan xususiy telekanallarda quyidagi turk seriallari namoyish etilmoqda:

“Yig‘lama, ona”, “Ayol”, “Chuqur”, “Fazilat xonim va qizlari”, “So‘yla... Qora dengiz” – “Sevimli” telekanali;

“Yomonlik dunyoga ustun bo‘lolmas”, “Muhtasham yuz yil” – “Milliy” telekanali;

“Meni qo‘yib yuborma”, “Parchalangan yuraklar” – “Zo‘r” telekanali.
 


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

153

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

online_predictionLive

Barchasicall_made