O‘zbekistondagi saytlarga hujum qilindi. “O‘zkomnazorat” munosabat bildirdi

Jamiyat

image

Ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekiston elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi hamda Navoiy viloyati hokimligining rasmiy veb-saytiga hujumlar uyushtirilgani haqida xabarlar tarqaldi. Ushbu hodisaga “O‘zkomnazorat” inspetsiyasi Matbuot xizmati xabar bermoqda. 

Ma’lumotlarga ko‘ra, ayni vaqtda veb-saytlarning ish faoliyati tiklangan.

“Ushbu holat O‘zkomnazorat tomonidan tegishli vakolatli organlar bilan birga o‘rganilmoqda, o‘rganishlar natijasidan kelib chiqib qonunchilikka muvofiq o‘rnatilgan tartibda choralar ko‘riladi”, deyiladi xabarda. 

Eslatib o‘tamiz, yaxshiamaki@gmail.com elektron pochta egasi 26 oktyabr kuni O‘zbekiston elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasining saytiga, shuningdek, 28 oktyabr kuni esa Navoiy viloyati hokimligining rasmiy saytiga hujumlar uyushtirgan.

O‘zkomnazoratning kechagi munosabatidan so‘ng ham xaker naesmi.uz saytiga ikkinchi marta hujum uyushtirgan va u yerda “yaxshi amaki 2:0 naesmi.uz” yozuvini qoldirib, sayt xavfsizligida muammolar borligini ta’kidlagan.

Ma’lumot uchun: kompyuter axborotidan, ya’ni axborot-hisoblash tizimlari, tarmoqlari va ularning tarkibiy qismlaridagi axborotlardan qonunga xilof ravishda (ruxsatsiz) foydalanish, ushbu harakat axborotning yo‘q qilib yuborilishi, to‘sib qo‘yilishi, modifikatsiyalashtirilishi, undan nusxa ko‘chirilishi yoxud uning qo‘lga kiritilishiga, EHM tizimi yoki ularning tarmoqlari ishining buzilishiga sabab bo‘lsa bazaviy hisoblash miqdorining yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilish yoxud bir yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanishi ya’ni jinoiy javobgarlik belgilangan. O‘sha harakat bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib, takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan, xizmat mavqeidan foydalangan holda, uyushgan guruh tomonidan yoki uning manfaatlarini ko‘zlab sodir etilgan bo‘lsa, u holda bazaviy hisoblash miqdorining yuz baravaridan uch yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki bir yildan ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazolari tayinlanishi mumkin.
 


Maqola muallifi

Teglar

xakerlik hujumi

Baholaganlar

122

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing