O‘zbekistondagi eng kam aholi yashaydigan hududlar ma’lum bo‘ldi
Jamiyat
−
29 iyun 8911 1 daqiqa
2026 yil 1 aprel holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda doimiy aholisi eng kam bo‘lgan hudud Navoiy viloyatidagi G‘ozg‘on shahri bo‘lib, unda atigi 9 ming 500 nafar aholi istiqomat qiladi. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi xabar berdi.
Qo‘mita ma’lumotlariga ko‘ra, aholisi eng kam hududlar reytingida ikkinchi o‘rinni Navoiy viloyatining Tomdi tumani egallagan. Tumanda 15 ming 300 nafar aholi yashaydi. Uchinchi pog‘onadan esa 19 ming 400 nafar aholi bilan Sirdaryo viloyatidagi Shirin shahri joy olgan.
Shuningdek, ro‘yxatning keyingi o‘rinlaridan Qorovulbozor tumani (20 ming 700 nafar), Bo‘zatov tumani (21 ming 800 nafar), Yangiobod tumani (30 ming 600 nafar), Mo‘ynoq tumani (34 ming 100 nafar), Konimex tumani (36 ming 800 nafar), Taxtako‘pir tumani (38 ming 900 nafar) hamda Uchquduq tumani (39 ming 900 nafar) o‘rin olgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda aholisi eng ko‘p bo‘lgan tuman va shaharlar reytingi ham e’lon qilingan edi. Unga ko‘ra, Namangan shahri 731 ming 300 nafar aholi bilan mamlakatdagi eng gavjum hudud sifatida qayd etilgan. Samarqand shahri esa 607 ming 600 nafar aholi bilan ikkinchi o‘rinni egallagan.