O‘zbekistondagi 3 ta bank jarimaga tortildi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan TBC bank'ka nisbatan 615,0 mln so‘m, Davr bank'ka nisbatan 931,0 mln so‘m va Hamkorbank'ka nisbatan 955,0 mln so‘m miqdorida jarima sanksiyasi qo‘llanildi. Bu haqda Markaziy bank matbuot xizmati xabar berdi.

Bildirilishicha, yuqoridagi 3 ta bankda aniqlangan holatlarni bartaraf etish, iste’molchilarga yetkazilgan zararni qoplash va ularning buzilgan huquqlarini tiklash yuzasidan banklarga aniq ko‘rsatmalar berilgandi. 

Qayd etilishicha, TBC bank tomonidan kreditni qaytarish jadvalida ko‘rsatilgan to‘lovlardan ko‘p kelib tushgan mablag‘lar belgilangan tartibda qarzdorlikni so‘ndirishga yo‘naltirilmaganligi oqibatida qarz oluvchilarga ortiqcha hisoblangan 2,5 mlrd so‘m foizlar hamda kreditlar bo‘yicha qarzdorlikni undirish to‘g‘risida sud qarorlari chiqarilgandan so‘ng qonunga zid ravishda hisoblangan 1,7 mlrd so‘m foizlar iste’molchilar foydasiga qayta hisob-kitob qilingan.

Davr bank tomonidan xorijiy valyutada ajratilgan kreditlar bo‘yicha ortiqcha hisoblangan 1,7 mlrd so‘m foizlar, qonunchilikka zid ravishda kredit summasidan ushlab qolingan 1,9 mlrd so‘m mablag‘lar va garov mulkini taqiqqa qo‘yish uchun undirilgan 461,6 mln so‘m to‘lovlar iste’molchilarga qaytarib berilgan.

Hamkorbank'ka esa qonunchilikka zid ravishda kredit ajratishda undirilgan 19,2 mlrd so‘m to‘lovlar hamda garov mulkini taqiqqa qo‘yish va taqiqdan chiqarish uchun undirilgan 1,5 mlrd so‘m to‘lovlar, shuningdek, kredit shartnomalariga nazarda tutilmagan bo‘lsa-da, lekin qarz oluvchilardan undirilgan 54,9 mln so‘m komissiyalarni iste’molchilarga qaytarib berishni ta’minlash yuzasidan vazifalar yuklatilgan.

“Markaziy bank bundan buyon iste’molchilarning huquqlari buzilgan holatlarda nazorati ostidagi barcha moliyaviy tashkilotlarga nisbatan qat’iy choralar ko‘rib, bu haqida o‘zining rasmiy axborot kanallari orqali jamoatchilikka muntazam ravishda ma’lumot berib boradi”, deyiladi xabarda.


Maqola muallifi

Teglar

Markaziy bank jarima Hamkorbank TBC bank Davr bank

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing