O‘zbekistondagi 2 mingdan ortiq maktabda sport zal yo‘q, 3 mingtasi ta’mirga muhtoj
Jamiyat
−
04 Sentabr 2019
3381O‘zbekistondagi 2 mingdan ortiq maktabda sport zallari yo‘q. 3 mingdan ortiq maktablagi sport zallari esa jiddiy ta’mirga muhtoj. Bu haqda bugun, 4 sentyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tgan jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish, xalqaro musobaqalarga tayyorgarlikni kuchaytirish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida so‘z bordi.
Videselektorda aholini, ayniqsa, yoshlarni ommaviy sportga keng jalb etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Bunda, avvalo, umumta’lim maktablaridagi sharoit, muhit katta o‘rin tutadi. Lekin maktablarda o‘quvchilar jamoaviy sport o‘yinlariga to‘liq jalb etilmayapti. 2 mingdan ziyod maktabda sport zallari yo‘q, 3 mingdan ortig‘ida esa ta’mirtalab.
Sportga ixtisoslashgan maktab-internatlarda ham kamchiliklar bor. Masalan, Tayloq, Jizzax, Buxoro, Uchqo‘rg‘on, Denov tumanlari, Namangan, Qarshi va Andijon shaharlaridagi shunday maktablarda sport zali, yotoqxona, o‘quv binolari yetishmaydi.
Bolalar-o‘smirlar, Olimpiya zaxiralari va oliy sport mahorati maktablari trenerlarining oylik ish haqi umumta’lim maktablarining jismoniy tarbiya o‘qituvchilariga nisbatan deyarli 2 barobar past. O‘z navbatida, trenerlarning 51 foizi o‘rta maxsus ma’lumotga ega, 2 mingdan ortiq oliy ma’lumotli murabbiylarga ehtiyoj mavjud.
Oliy ta’lim muassasalaridagi sport inshootlari talabalarning qariyb 50 foizini qamrab olish imkoniyatiga ega bo‘lsa-da, amalda 21 foiz talaba-yoshlar sport tadbirlariga qatnashmoqda.
Umuman olganda, mamlakat bo‘yicha 12 mingdan ortiq sport inshooti mavjud bo‘lsa, ularning bir kunlik quvvati qariyb 1,5 million kishini tashkil etadi. Ya’ni, aholiga nisbatan sport inshootlari bilan ta’minlanish darajasi 4,5 foizdan oshmaydi. Xususan, bu ko‘rsatkich Samarqand viloyatida 3,4 foiz, Surxondaryo viloyatida 3,5, Andijon viloyatida 3,7 foizdir.
“Bunday ahvolda sportni qanday qilib ommalashtirish mumkin”, deya savol qo‘ydi Prezident.
Yig‘ilishda shu kabi muammolarni bosqichma-bosqich bartaraf etish, buning uchun zarur mablag‘ va resurslar yo‘naltirish masalalari muhokama qilindi.
LiveBarchasi