O‘zbekistondagi 15 ta OTMda sun’iy intellekt laboratoriyalari ochiladi
Jamiyat
−
20 yanvar 2452 3 daqiqa
O‘zbekistondagi 15 ta oliy ta’lim muassasasida sun’iy intellekt laboratoriyalari tashkil etiladi. Bu haqda bugun, 20 yanvar kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev tanishgan raqamli texnologiyalarni rivojlantirish sohasida erishilgan natijalar hamda 2026 yilga mo‘ljallangan ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan taqdimotda so‘z boradi.
Taqdimotda so‘nggi yillarda raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish, davlat xizmatlarini raqamlashtirish va innovatsion ekotizimni shakllantirish bo‘yicha izchil ishlar amalga oshirilgani qayd etilgan. Xorijiy ekspertlarning tahlillariga ko‘ra, 2024-2025 yillarda mamlakatdagi startap va venchur ekotizimining umumiy qiymati 3,9 milliard dollarga yetgan. Mahalliy startaplarning soni 750 tadan oshgan. Hozirgi kunda 15 ta venchur fond faoliyat yuritmoqda, venchur kapital hajmi esa 180 million dollardan oshgan.
O‘zbekiston dunyodagi ikkinchi eng tez o‘sayotgan va Markaziy Osiyodagi eng tez rivojlanayotgan startap ekotizimi deb e’tirof etilmoqda.
Taqdimotda 2030 yilga qadar startaplarning sonini 5 mingtaga, eksport bozorlariga chiqqan startaplarning sonini 200 taga yetkazish, venchur investitsiyalarning hajmini 2 milliard dollarga olib chiqish maqsad qilingani ta’kidlangan.
Shu maqsadda xalqaro tajriba asosida startaplarni qo‘llab-quvvatlashning to‘rt bosqichli tizimi joriy etilmoqda. G‘oya, ishlab chiqish, ishga tushirish va masshtablashtirish bosqichlarida grantlar, soliq imtiyozlari, qo‘shma moliyalashtirish, eksport xarajatlarini qoplash uchun moliyaviy resurslar yo‘naltiriladi.
Elektron davlat xizmatlarini yanada rivojlantirish rejalari ko‘rib chiqilgan.
Raqamli xizmatlar sonini 900 tagacha yetkazish, “MyGov.uz” mobil ilovasining funksionalini kengaytirish, 50 tadan ortiq xizmatlarda sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish, Aholining yagona reyestrini ishlab chiqish, tadbirkorlik sub’ektini ochish, yakka tartibdagi tadbirkorlik xodimlarini hisobga qo‘yish, bank plastik kartasini ochish, SIM-karta olish, sug‘urta va reklama xizmatlarini raqamlashtirish rejalashtirilgan.
Taqdimotda sun’iy intellekt texnologiyalari uchun infratuzilma yaratish ishlarining borishi haqida axborot berilgan.
Xususan, hozirgi kunda zamonaviy kichik super kompyuter ishga tushirilgan, katta super kompyuterni xarid qilish va ishga tushirish ishlari faol bosqichda. Loyihani amalga oshirish natijasida 15 ta oliy ta’lim muassasasida sun’iy intellekt laboratoriyalari tashkil etiladi, sohadagi mutaxassislarning salohiyati oshadi, mahalliy SI yechimlarini yaratish va joriy etish imkoniyatlari yaratiladi.
Mamlakat hududlarida zamonaviy data-markazlar tarmog‘ini kengaytirish, ma’lumotlar xavfsizligi va uzluksizligini ta’minlash zarurligi qayd etilgan.
Telekommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratilgan.
Bu borada barqaror o‘sish sur’atlariga erishilayotgani, internet tezligi va qamrovi yildan-yilga oshib, mobil aloqa xizmatlarining sifati yaxshilangani ta’kidlangan. 2026 yilda 5G texnologiyalarini joriy etish va aholi punktlarini yuqori tezlikdagi internet bilan qamrab olishni davom ettirish, shuningdek, sun’iy yo‘ldosh aloqasidan foydalanishni kengaytirish rejalashtirilgan.
Prezident raqamli texnologiyalar iqtisodiyot tarmoqlari raqobatbardoshligini oshirish, davlat boshqaruvini samarali qilish va aholi hayoti sifatiga bevosita ta’sir ko‘rsatishini ta’kidlab, belgilangan vazifalarni amalga oshirish bo‘yicha mutasaddilarga tegishli topshiriqlar bergan.
Live
Barchasi