O‘zbekistonda “Zamonaviy maktab”lar tashkil etiladi – Prezident qarori
Jamiyat
−
27 noyabr 2019
7833O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Zamonaviy maktab”larni tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Quyida qarorning to‘liq matni bilan tanishishingiz mumkin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori
Umumiy o‘rta ta’lim tizimida ilg‘or xalqaro tajriba va jamiyatning zamonaviy talablariga muvofiq sifatli ta’lim olish imkoniyatlarini yaratish, xalq ta’limi muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash va byudjetdan mablag‘ bilan ta’minlashning samaradorligini oshirish, yoshlar ta’lim-tarbiyasi uchun qo‘shimcha sharoitlar yaratishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha izchil islohotlar amalga oshirilmoqda.
Shu bilan birga umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining mavjud holati ularning faoliyatidagi tizimli muammolar va kamchiliklarni tezkor bartaraf etish mexanizmlarini yaratish, qishloq va shahar maktablarining moddiy-texnik ta’minoti va ta’lim berish sifatidagi tafovutni qisqartirish hamda o‘quvchi-yoshlarning ta’lim olishlari uchun teng shart-sharoitlar yaratish zarurligini ko‘rsatmoqda.
Yangi turdagi umumta’lim muassasalarini barpo etish va muqaddam qurilgan binolarni bosqichma-bosqich zamon talablariga moslashtirish, o‘quv-tarbiya jarayonida zamonaviy pedagogik texnologiyalarni qo‘llash, ta’lim xizmatlari bozorida raqobatni rivojlantirish orqali umumiy o‘rta ta’limni yangi bosqichga olib chiqish maqsadida:
1. O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi, Qurilish vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi va tizimida umumiy o‘rta ta’lim muassasalari bo‘lgan vazirlik va idoralarning ilg‘or arxitektura yechimlari va energiya tejovchi texnologiyalar asosida barpo etiladigan hamda jihozlanadigan, xalqaro talablar asosida sifatli ta’lim-tarbiya berish uchun zarur shart-sharoitlar yaratishga qaratilgan “Zamonaviy maktab”larni tashkil etish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin.
2. O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi 2020 yil 1 martga qadar:
a) O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi bilan birgalikda xorijiy tajriba va mamlakatning tabiiy iqlim sharoitlariga mos, ekologik toza materiallar va energiyaning muqobil manbalari, energiya tejovchi hamda ilg‘or texnologiyalar va muhandislik yechimlarini qo‘llashni nazarda tutuvchi “Zamonaviy maktab”larni qurish va rekonstruksiya qilishning namunaviy loyihalarini;
b) manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda umumiy o‘rta ta’lim muassasalarini zamonaviy mebel va jihozlar, o‘quv-laboratoriya asbob-uskunalari, o‘quv-uslubiy materiallar, kompyuter va multimedia hamda video-kuzatuv vositalari bilan jihozlashning yangi me’yorlarini;
v) O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi bilan birgalikda:
“Zamonaviy maktab”larga qo‘yiladigan talablarni, shu jumladan, mazkur maktablarning darsliklar, o‘quv qo‘llanmalar, badiiy va boshqa adabiyotlar bilan ta’minlanganlik darajasiga, o‘quv-tarbiya jarayoniga hamda darsdan tashqari faoliyatiga hamda rahbar va pedagog kadrlariga qo‘yiladigan talablarni;
umumiy o‘rta ta’lim muassasalarini “Zamonaviy maktab”larga qo‘yiladigan talablar asosida baholash tartibini ishlab chiqsin va tasdiqlasin.
3. Belgilab qo‘yilsinki:
O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi huzuridagi “Innovatsiya, texnologiya va strategiya markazi” davlat unitar korxonasi umumiy o‘rta ta’lim muassasalarini “Zamonaviy maktablar”ga qo‘yilgan talablar asosida baholash bo‘yicha mas’ul tashkilot hisoblanadi;
“Zamonaviy maktablar”ga qo‘yiladigan talablarga mos keladigan umumiy o‘rta ta’lim muassasalariga tegishli darajadagi muvofiqlik sertifikati beriladi;
2020 yil 1 martdan boshlab davlat umumiy o‘rta ta’lim muassasalarini yangidan qurish, rekonstruksiya qilish, mukammal ta’mirlash va jihozlash, moliyalashtirish manbalaridan qat’i nazar, “Zamonaviy maktab”larni qurish va rekonstruksiya qilishning namunaviy loyihalari va jihozlash me’yorlari asosida amalga oshiriladi.
4. Quyidagilar O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi huzuridagi “Innovatsiya, texnologiya va strategiya markazi” davlat unitar korxonasining qo‘shimcha vazifalari etib belgilansin:
umumiy o‘rta ta’lim muassasalarini “Zamonaviy maktab”ga qo‘yilgan talablar asosida baholash orqali ularga muvofiqlik sertifikatini berish;
umumiy o‘rta ta’lim muassasalarini baholash jarayoniga tegishli davlat organlari va tashkilotlari, shuningdek, yetakchi xorijiy konsalting kompaniyalarini jalb etish;
zamonaviy va shaffof baholash uslublarini joriy etish bo‘yicha ilg‘or tajribani ommalashtirish;
“Zamonaviy maktab” talablari asosida baholash bo‘yicha umumiy o‘rta ta’lim muassasalari reytingini aniqlashning elektron platformasini ishlab chiqish va uning yuritilishini ta’minlash;
umumiy o‘rta ta’lim muassasalarini “Zamonaviy maktab” talablariga muvofiqlashtirish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqish.
5. Quyidagilar:
2020-2022 yillarda umumiy o‘rta ta’lim muassasalarini “Zamonaviy maktab” talablari asosida yangidan qurish, rekonstruksiya qilish, mukammal ta’mirlash va jihozlashning asosiy parametrlari (keyingi o‘rinlarda – asosiy parametrlar) 1-ilovaga muvofiq;
2020-2022 yillarda umumiy o‘rta ta’lim muassasalarini “Zamonaviy maktab” talablari asosida qurish, rekonstruksiya qilish, mukammal ta’mirlash va jihozlashning manzilli dasturlari (keyingi o‘rinlarda – manzilli dasturlar) 2a, 2b va 2v-ilovalarga muvofiq tasdiqlansin.
Belgilansinki:
asosiy parametrlar va manzilli dasturlarga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 14 maydagi “O‘zbekiston Respublikasi Investitsiya dasturini shakllantirish va amalga oshirishning sifat jihatidan yangi tizimiga o‘tish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF–5717-son Farmoniga muvofiq investitsiya dasturlari doirasida tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilishi mumkin;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi respublika byudjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy byudjetlari mablag‘lari, yuridik va jismoniy shaxslarning homiylik xayriyalari, qonunchilik bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan umumiy o‘rta ta’lim muassasalarini yangidan qurish, rekonstruksiya qilish hamda mukammal ta’mirlash ularni to‘liq jihozlash bilan birgalikda amalga oshiriladi.
6. O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablag‘lari, shu jumladan, markazlashtirilgan investitsiyalar hisobidan:
a) yangidan quriladigan, rekonstruksiya qilinadigan hamda mukammal ta’mirlanadigan umumiy o‘rta ta’lim muassasalarini jihozlash (qo‘shimcha jihozlash) yuzasidan xaridlarni amalga oshirish bo‘yicha buyurtmachi etib O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi huzuridagi “O‘quv ta’lim-ta’minot” davlat unitar korxonasi;
b) umumiy o‘rta ta’lim muassasalarini yangidan qurish, rekonstruksiya qilish va mukammal ta’mirlash bo‘yicha buyurtmachi etib:
Toshkent shahrida – “Xalq ta’limi sohasida loyiha hujjatlariga texnik topshiriqlarni ishlab chiqish va qurilish ob’ektlari sifatini monitoring qilish bo‘yicha injiniring kompaniyasi” davlat unitar korxonasi (keyingi o‘rinlarda – “Injiniring kompaniyasi” DUK);
Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda – Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va tegishli viloyatlar hokimliklari huzuridagi Yagona buyurtmachi xizmati injiniring kompaniyalar belgilansin.
7. “Injiniring kompaniyasi” DUK “Zamonaviy maktab” talablari asosida namunaviy loyihalarni ishlab chiqish uchun buyurtmachi etib belgilansin hamda umumiy o‘rta ta’lim muassasalarini yangidan qurish, rekonstruksiya qilish va mukammal ta’mirlash bo‘yicha amalga oshiriladigan loyihalash va qurilish-montaj ishlarini “Zamonaviy maktab” talablari bo‘yicha loyiha-smeta hujjatlariga mos ravishda sifatli bajarilganligi ustidan nazorat olib borsin.
8. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va tegishli viloyatlar hokimliklari huzuridagi Yagona buyurtmachi xizmati injiniring kompaniyalari:
a) umumiy o‘rta ta’lim muassasalari uchun:
loyihalarning “Injiniring kompaniyasi” DUK texnik topshirig‘i asosida ishlab chiqilishi va kelishilishini;
loyiha hujjatlariga texnik topshiriqlarni ishlab chiqish bo‘yicha “Injiniring kompaniyasi” DUK bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar tuzilishini ta’minlasin;
b) “Injiniring kompaniyasi” DUKga umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida amalga oshirilgan qurilish-montaj ishlarining sifati yuzasidan yakuniy nazorat amalga oshirilishi uchun barcha zarur hujjatlarni taqdim etsin.
9. Belgilansinki, umumiy o‘rta ta’lim muassasalarini yangidan qurish, rekonstruksiya qilish va mukammal ta’mirlash jarayonida sifatsiz bajarilgan, belgilangan texnik talablarga mos kelmagan holda bajarilgan hamda ortiqcha hajmda ko‘rsatilgan qurilish-montaj ishlari bo‘yicha undirilgan summalarning 90 foizi tegishli ob’ektlardagi aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish uchun bo‘ysunuviga ko‘ra Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi va viloyatlar xalq ta’limi boshqarmalarining maxsus shaxsiy g‘azna hisobvaraqlariga, 10 foizi esa “Injiniring kompaniyasi” DUKning maxsus hisobraqamiga xodimlarni rag‘batlantirish va moddiy-texnik bazasini mustahkamlash tadbirlariga yo‘naltiriladi.
10. Belgilab qo‘yilsinki, 2020-2022 yillarda umumiy o‘rta ta’lim muassasalarini:
yangidan qurish, rekonstruksiya qilish, mukammal ta’mirlash –O‘zbekiston Respublikasining Investitsiya dasturi doirasida markazlashtirilgan investitsiyalar mablag‘lari;
mebel, o‘quv-laboratoriya, sport anjomlari va o‘qitishning texnik vositalari bilan ta’minlash – O‘zbekiston Respublikasining Investitsiya dasturi doirasida markazlashtirilgan investitsiyalar mablag‘lari, xalqaro moliya institutlarining kredit va grantlari;
kompyuter texnikasi va ichki lokal tarmoq (tarmoq uskunalari) bilan ta’minlash – xalqaro moliya institutlarining kredit va grantlari;
zamonaviy isitish tizimi bilan ta’minlash – Qoraqalpog‘iston Respublikasi respublika byudjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy byudjetlari mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.
11. O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Xalq ta’limi vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ushbu qarorning 2a, 2b va 2v-ilovalarida nazarda tutilmagan umumiy o‘rta ta’lim muassasalarini “Zamonaviy maktab” talablari asosida kompleks rivojlantirishni amaliyotga tatbiq etish uchun xalqaro moliya institutlari kredit va grantlarini jalb qilish choralarini ko‘rsin.
12. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 5 sentyabrdagi “Xalq ta’limi tizimiga boshqaruvning yangi tamoyillarini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ–3931-son qarorining 5-bandi oltinchi xatboshisi chiqarib tashlansin.
13. O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi Adliya vazirligi hamda boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
14. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi A.A.Abduvaxitov va O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari A.A.Abduhakimov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi
Prezidenti Sh.MIRZIYOEV
Shahnoza To‘ramurotova