O‘zbekistonda yurak va o‘pka transplantatsiyasi yo‘lga qo‘yiladi

Jamiyat

image
0:00
0:00
download

O‘zbekistonda yurak va o‘pka transplantatsiyasi jarrohlik amaliyotini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilyapti. Bu haqda kecha, 20 sentyabr kuni Oliy Majlis Senatining Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash, Yoshlar, madaniyat va sport masalalari hamda Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitalarining akademik V.Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida “Inson a’zolari va to‘qimalari transplantatsiyasi to‘g‘risida”gi qonun loyihasi muhokamasida aytib o‘tildi.

Ta’kidlanishicha, ilgari O‘zbekistonda buyrak va jigar transplantatsiyasi amaliyotlari o‘tkazilmasligi oqibatida ko‘pchilik bemor fuqarolar xorijiy mamlakatlarda katta mablag‘ evaziga da’volangan. Hatto ayrimlari bevaqt vafot etgan.

Ammo so‘nggi yillarda mamlakatda buyrak, jigar va o‘zak hujayrasini ko‘chirib o‘tkazish amaliyoti yo‘lga qo‘yishga imkoniyat yaratdi. Natijada bugungi kungacha O‘zbekistonda 700 dan ortiq ana shunday operatsiya muvaffaqiyatli bajarildi.

Kelajakda buyrak ko‘chirib o‘tkazish amaliyotini yiliga 250 taga yetkazish, jigar transplantatsiyasini esa yiliga 50 taga yetkazish rejalashtirilgan. Shuningdek, yurak transplantatsiyasini joriy etish va yiliga 50 ta amaliyot hamda o‘pka transplantatsiyasini yo‘lga qo‘yish va yiliga 30 ta amaliyotni bajarish nazarda tutilgan.

Tadbirda so‘zga chiqqan senatorlar inson a’zolari va to‘qimalarini ko‘chirib o‘tkazish amaliyotini xorijda katta mablag‘ va vaqt sarflamasdan O‘zbekistonda ham amalga oshirish mumkinligiga urg‘u bergan. Shuningdek, inson a’zolari va to‘qimalari transplantatsiyasi borasida qonunchilikda belgilangan normalar bugungi kun talablariga mos emasligi, shu bois, mazkur qonun loyihasida aniq tartiblar belgilab berilayotganligi ta’kidlandi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

30

Reyting

3.3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing