O‘zbekistonda yangi telekanal ish boshladi

Jamiyat

image

Bugun, 1 sentyabrdani e’tiboran O‘zbekistonda yangi telekanal ish boshladi. 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning joriy yilning 11 iyul kuni “O‘zbekiston tarixi” telekanalini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni imzolagan edi. 

Bugun soat 12:00dan “O‘zbekiston tarixi” telekanali o‘z efirlarini uzatishni boshladi.

Kanal Prezident qaroriga ko‘ra, “UzHD” telekanali negizida tashkil qilindi va u 5 yo‘nalishda faoliyat yuritadi. Har bir yo‘nalish 5 tahririyat tomonidan amalga oshiriladi: “O‘zbekiston tarixi“, “Jahon tarixi va sivilizatsiya“, “Arxeologiya va muzeylar“, “Ilmiy-ommabop filmlar“ tahririyatlari hamda “Tezkor dublyaj“ studiyasi.

Har bir tarkibiy bo‘linma qoshida FA bilan Memorandum doirasidagi kelishuvga asosan Ekspertlar kengashi faoliyat yuritadi. Shuningdek, shtat asosida ilmiy kotib va maslahatchi ishlaydi. Qaror bilan yuklangan ustuvor vazifa - munozara maydonchasi tashkil qilingan, ya’ni to‘g‘ridan-to‘g‘ri efirda bahs imkonini beruvchi yuqori tiniqlikda ishlovchi studiya ajratilgan. Shuningdek, davra suhbati, intervyularga mo‘ljallangan kichik studiya hamda akademik dars uchun zamonaviy jihozlangan sinf xonasi tashkil qilingan. Dasturlar HD formatda, 24 soat uzluksiz efirga uzatiladi.

Telekanal respublikaning butun hududi bo‘ylab tarqatiladigan raqamli ko‘rsatuvning hammabop ijtimoiy paketi tarkibiga kiritilgan.

Telekanalda O‘zbekiston televideniyesining taniqli ijodkorlari Nozima Vohidova, Shoira Raufboyeva ish boshlagan. 

Quyidagilar “O‘zbekiston tarixi” telekanali faoliyatining asosiy vazifalari va yo‘nalishlari deb hisoblanadi:

•    ming yillar qa’riga ildiz otgan O‘zbekistonning ko‘hna va boy tarixi, xalqimizning jahon sivilizatsiyasi rivojiga qo‘shgan g‘oyat katta ilmiy, madaniy va ma’naviy hissasi haqida mamlakatimiz aholisini, shuningdek, chet el jamoatchiliginikeng ko‘lamda xabardor qilish;

•    har bir voqeaning mazmun-mohiyatini izchil va tizimli ochib berish orqali buyuk tariximizning barcha davrlarini chuqur ilmiy tadqiqotlarning xolisona natijalari asosida ko‘rsatib beruvchi axborot-tahliliy va mavzuli teleko‘rsatuvlar, tok-shou, “davra suhbatlari”ni yuqori professional va g‘oyaviy-badiiy saviyada tayyorlashni tashkillashtirish;

•    buyuk vatandoshlarimiz – olimlar, mutafakkirlar va aziz-avliyolar, shoir va yozuvchilar, sarkardalar, davlat arboblarining bebaho merosini keng ko‘lamda o‘rganish va ommalashtirish maqsadida ularning hayot yo‘li va qahramonligi to‘g‘risida, shuningdek, dunyo ahamiyatiga ega bo‘lgan O‘zbekiston eng yangi tarixining g‘oyat yorqin va unutilmas sahifalari haqida hikoya qiluvchi ilmiy-ommabop dasturlar va hujjatli filmlar turkumlarini yaratish;

•    doimiy ishlab turuvchi televizion studiya – “munozara maydonchasi” faoliyatini ta’minlash, O‘zbekiston tarixi bo‘yicha ilmiy tadqiqotlar natijalarini, madaniy va ko‘hna yodgorliklarni saqlash bilan bog‘liq muammolarni, shuningdek, xalqimiz tarixiga taalluqli va umummilliy ahamiyatga ega bo‘lgan boshqa g‘oyat muhim masalalarni ochiq muhokama qilish uchun olimlar, tarixchilar, tadqiqotchilar, o‘quvchi-yoshlar hamda keng jamoatchilik vakillarini taklif qilish;

•    chet ellarga ijodiy safarlar davomida xalqimizning moddiy va nomoddiy merosi, O‘zbekiston tarixi bilan bog‘liq bo‘lgan nodir qo‘lyozmalar, kitoblarni izlash, amaliy san’at buyumlari hamda muzeylar kolleksiyalarida, xorijiy davlatlarning ilmiy markazlarida, shuningdek, jahon tarixiy merosini o‘rganayotgan jamg‘armalarda saqlanayotganqimmatli topilmalarni o‘rganish natijalari bo‘yicha maxsus teleko‘rsatuvlar tayyorlash;

•    xorijiy telekanallar, ilmiy-tadqiqot markazlari va jamg‘armalar tomonidan tayyorlangan, jahon tarixining ahamiyatli lavhalarini aks ettiruvchi, shuningdek, O‘zbekiston hududida ming yillar davomida sodir bo‘lgan tarixiy jarayonlar bilan bog‘liq bo‘lgan voqealar va shaxslar to‘g‘risida hikoya qiluvchi ko‘rsatuvlarni sotib olish, o‘zbek tiliga tarjima qilishni tashkillashtirish va milliy teleradiokanallar efirlarida joylashtirishga ko‘maklashish;

•    O‘zbekiston tarixi va jahon tarixida yorqin iz qoldirgan voqealar

•    va shaxslarga bag‘ishlangan mahalliy va xorijiy badiiy filmlarni muntazam namoyish qilish, shuningdek, ushbu mavzu bo‘yicha mamlakatimiz kino san’ati ustalari bilan badiiy filmlar va teleseriallar yaratishda ishtirok etish.
 


Maqola muallifi

Teglar

O‘zbekiston tarixi O'zbekiston tarixi

Baholaganlar

48

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

Mavzuga doir yangiliklar