O‘zbekistonda yana bir monopoliya paydo bo‘lmoqda
Jamiyat
−
22 yanvar 2021
47447Xabaringiz bor, 2020 yil Toshkentda “Texnopark” MCHJ tomonidan lift zavodi tashkil etilgan edi. Ushbu korxonaga tashrifi davomida Shavkat Mirziyoyev Toshkent va boshqa shaharlardagi ko‘p qavatli uylarda eng katta muammo liftlar bilan bog‘liqligini aytib, mahalliylashtirish darajasini oshirish evaziga tannarxni tushirish, eski liftlarni almashtirib, yangilariga sifatli xizmat ko‘rsatish bo‘yicha ko‘rsatmalar bergandi. Zamonaviy liftlarni ekspluatatsiya qilish bo‘yicha kadrlar tayyorlash kerakligi qayd etilgandi.
2020 yilning iyun oyida “2021 – 2027 yillarda respublikadagi ko‘p kvartirali uylarning lift uskunalarini ta’mirlash va yangilashga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” Hukumat qarori loyihasi ishlab chiqildi.
Unga ko‘ra, O‘zbekistondagi barcha ko‘p kvartirali turar-joylarda eskirgan liftlarni yangisiga almashtirish va ta’mirlash, yangi qurilayotgan uylarda lift uskunalarini o‘rnatishda bosh pudratchi etib, “Texnopark” MCHJ etib belgilanishi mumkin. Shuningdek, qaror loyihasida korxonaga yana boshqa bir qator imkoniyatlar yaratib berish ko‘zda tutilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi ushbu qaror loyihasiga qarshi chiqdi. Qo‘mita o‘z xulosasida ushbu qaror “Raqobat to‘g‘risida”gi qonunga, prezidentning 5185 va 5780-sonli farmonlariga zid ekanini qayd etgan. Aksilmonopoliya tomonidan qarori loyihasini qabul qilinishi maqsadga muvofiq emas, deb topilgan.
LiveBarchasi