O‘zbekistonda uyushmagan yoshlarning yagona elektron bazasi shakllantiriladi
Jamiyat
−
28 iyul 2023
3057O‘zbekistonda uyushmagan yoshlarning yagona elektron bazasi shakllantiriladi. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida Farg‘ona shahrida o‘tkazilayotgan Ichki ishlar vazirligining kengaytirilgan hay’at yig‘ilishida ma’lum qilindi.
Qayd etilishicha, yig‘ilishda uyushmagan yoshlar bilan yagona yondashuv asosida ishlashni yo‘lga qo‘yish maqsadida Idoralararo kengash va hududiy kengashlar tashkil qilinishi belgilangan. Ushbu kengash uyushmagan yoshlarning yagona elektron bazasini shakllantirishi hamda ular bilan manzilli ishlash dasturlarini amalga oshirishi qayd etilgan.
Shuningdek, “Voyaga yetmaganlar bilan ijtimoiy-huquqiy ishlash klasteri”ni joriy etishga topshiriq berilgan.
Bunda, “oila – mahalla – maktab – mustaqil hayot” tamoyili asosida har bir tarbiyasi og‘ir o‘smir bilan yakka tartibda ishlash bo‘yicha yangi tizim yo‘lga qo‘yiladi.
Umuman, yig‘ilishda yoshlar o‘rtasidagi jinoyatlarni keskin kamaytirish bo‘yicha har bir viloyat, tuman va shahar hokimining o‘zi shug‘ullanib, o‘zgarish qilishi shartligi ko‘rsatib o‘tilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq mazkur yig‘ilishda voyaga yetmaganlar eng ko‘p jinoyat sodir etgan hudud qaysiligi ma’lum qilingandi. Shuningdek, yoshlar bilan ishlash masalasini o‘z holiga tashlab qo‘ygani uchun Sirdaryo va Navoiy viloyatlari hokimlarining o‘rinbosarlari lavozimidan ozod qilingandi.
LiveBarchasi