O‘zbekistonda uysizlarni boshpana bilan ta’minlash tartibi belgilandi
Jamiyat
−
19:28 849 2 daqiqa
O‘zbekistonda muayyan yashash joyiga ega bo‘lmagan shaxslarni vaqtincha boshpana va ijtimoiy tiklanish markazlariga joylashtirish tartibi belgilandi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, hukumatning joriy yilning 18 avgustdagi “Muayyan yashash joyiga ega bo‘lmagan shaxslarni Vaqtinchalik boshpana va ijtimoiy tiklanish markaziga joylashtirish bo‘yicha davlat xizmatini ko‘rsatish” to‘g‘risidagi 447-son qarorida ma’muriy reglamenti tasdiqlandi.
Unga ko‘ra, ichki ishlar organlari xodimlari hamda mahallalarda ijtimoiy xizmat ko‘rsatuvchi xodimlar ko‘cha, vokzal, bozor, yerosti yo‘laklari, yashash uchun mo‘ljallanmagan binolar va boshqa jamoat joylarida boshpanasiz shaxslarni aniqlaydi. Ularga vaqtincha boshpana va ijtimoiy tiklanish markazi xizmatlaridan foydalanish taklif etiladi.
Voyaga yetgan boshpanasiz shaxs markazga joylashish uchun bevosita murojaat qilishi mumkin. Agar uning voyaga yetmagan farzandlari bo‘lsa, ular ham u bilan birga markazga joylashtiriladi.
Markazga qabul qilinishdan avval shaxs tuman yoki shahar darajasidagi tibbiyot muassasasining shoshilinch qabul bo‘limida tibbiy ko‘rikdan o‘tkaziladi. Unda markazga joylashishga to‘sqinlik qiluvchi shoshilinch tibbiy yordamga ehtiyoj yoki yuqumli kasalliklar aniqlanmasa, shaxs markazga qabul qilinadi.
Boshpanasiz shaxs so‘rovnomani to‘ldirish orqali markazga joylashishga hamda uning ichki tartib-qoidalariga rioya qilishga roziligini bildiradi. Shundan so‘ng, u 7 kunga markazga joylashtiriladi. Ayrim belgilangan holatlarda esa markazda qolish muddati 6 oygacha uzaytirilishi mumkin.
Yangi tartib boshpanasiz shaxslarni aniqlash, ularga vaqtincha boshpana berish va zarur ijtimoiy xizmatlarni ko‘rsatish mexanizmini belgilaydi.