O‘zbekistonda uy-joy qurilish ob’ektlarining 70 foizi seysmik barqaror emasligi aytildi
Jamiyat
−
16 avgust 2023 9332 2 daqiqa
O‘zbekistonda ko‘plab binolar, ayniqsa, yakka tartibdagi uylar qurilish norma va qoidalarini hisobga olmagan holda qurilgani sababli uy-joy qurilishi ob’ektlarining 70 foizi seysmik barqaror emas. Bu haqda Vazirlar Mahkamasining “Iqlim o‘zgarishi va tabiiy ofatlar xavfiga nisbatan milliy harakatlar rejasini ishlab chiqish hamda samarali amalga oshirishni tashkil etish to‘g‘risida”gi qarorida keltirilgan.
Ma’lum qilinishicha, respublikada 12 ballik xalqaro MSK-64 shkalasi bo‘yicha intensivligi 7 ball va undan yuqori bo‘lgan zilzilalar sodir bo‘lish xavfi mavjud. Markaziy Osiyo davlatlarining bir qator seysmologik xizmatlari har yili turli darajadagi 3 000 ga yaqin yer osti silkinishlarini qayd etadi.
Kuchli zilzilalarda eng ko‘p zarar ko‘radigan uy-joy sektori, xizmat ko‘rsatish, iqtisodiyot, sanoat va savdo sohalari bo‘lib, ularning aksariyati shaharlar va yirik aholi punktlarida joylashgan.
O‘zbekiston aholisining qariyb 70 foizi seysmik faol zonalarda istiqomat qiladi. Ko‘plab binolar, ayniqsa, yakka tartibdagi uylar qurilish norma va qoidalarini hisobga olmagan holda qurilganligi sababli uy-joy qurilishi ob’ektlarining 70 foizi seysmik barqaror emas.
Keltirilishicha, zilzilaning ikkilamchi ta’siri halokatli bo‘lishi va boshqa xavflarni keltirib chiqarishi yoki tezlashtirishi ehtimoli yuqori. Zilzilaning ikkilamchi ta’sirining aksariyati (to‘g‘onlarning buzilishi, baland tog‘lardagi ko‘llarning toshib ketishi oqibatida yuzaga keladigan suv toshqinlari va sel orqali zaharli moddalarning tarqalishi) jiddiy transchegaraviy oqibatlarga olib kelishi mumkin.
Shuningdek, so‘nggi yillarda iqlim o‘zgarishi oqibatida respublika hududida tabiiy ofatlar soni sezilarli darajada oshgan. Tabiiy ofatlarning o‘rtacha soni 2001-2010 yillarda - 115 ta holat, 2011-2022 yillarda - 126 ta holatni tashkil etgan. Ularning 46 foizi zilzilalar, 27 foizi sellar, 13,5 foizi yer ko‘chkilari, 8,7 foizi kuchli shamollar, 2,4 foizi suv toshqinlari, 1,6 foizi tabiiy yong‘inlar, 0,8 foizi qor ko‘chkilari va boshqalar hissasiga to‘g‘ri kelgan.
Yuqoridagi qaror bilan 2023-2030 yillarda tabiiy ofatlar xavfini kamaytirish va iqlim o‘zgarishiga chidamlilikni oshirish bo‘yicha O‘zbekistonning milliy harakatlar rejasi tasdiqlanmoqda.
Quyidagilar Milliy harakatlar rejasini amalga oshirish doirasida ustuvor yo‘nalishlar etib belgilanyapti:
• tabiiy ofatlar xavfini kamaytirish va iqlim o‘zgarishiga chidamlilikni oshirishning tashkiliy-huquqiy asoslarini takomillashtirish;
• aholining tabiiy ofatlar xavfini kamaytirish va iqlim o‘zgarishiga chidamlilikni oshirish borasidagi bilim va tajribalarini shakllantirish;
• tabiiy ofatlar xavfini kamaytirish va iqlim o‘zgarishiga chidamlilikni oshirish tadbirlarini moliyalashtirishni tashkil etish;
• tabiiy ofatlar ro‘y berganda harakat qilishga tayyorlik darajasini oshirish.
Live
BarchasiNamanganda yana zilzila bo‘ldi
06 dekabr