O‘zbekistonda o‘rtacha oylik ish haqi oshdi
Jamiyat
−
24 yanvar
17609O‘zbekistonda 2024 yilda o‘rtacha oylik ish haqi 2023 yilga qaraganda 17,4 foizga ko‘tarildi. Bu haqda Statistika agentligi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, 2024 yilda O‘zbekistonda o‘rtacha nominal (soliq va boshqa to‘lovlarni o‘zi ichiga olgan) oylik ish haqi 5 mln 357 ming so‘mni tashkil etgan. Ushbu ko‘rsatkich 2023 yilda 4 mln 562 ming so‘m bo‘lgan.
Qayd etilishicha, 2024 yilning yanvar-dekabr oylarida hududlar bo‘yicha o‘rtacha oylik nominal hisoblangan ish haqining eng yuqori ko‘rsatkichlari Toshkent shahrida (9 072,4 ming so‘m), Navoiy viloyatida (6 766,1 ming so‘m), Toshkent viloyatida (5 097,9 ming so‘m), Andijon viloyatida (4 616,1 ming so‘m) hamda Buxoro viloyatida (4 343,9 ming so‘m) kuzatilgan.
“2024 yil yanvar-dekabr oylari uchun o‘rtacha oylik ish haqi ko‘rsatkichini shakllantirishda qishloq xo‘jaligi va kichik tadbirkorlik sub’ektlari hisobga olinmagan, chunki fermer xo‘jaliklari hamda kichik tadbirkorlik sub’ektlari yilda bir marta hisobot taqdim etishi belgilangan”, deyiladi agentlik xabarida.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Markaziy Osiyo davlatlari orasida o‘rtacha ish haqi bo‘yicha Qozog‘iston yetakchilik qilayotgani haqida xabar berilgandi. MDH Davlatlararo statistika qo‘mitasi tomonidan e’lon qilingan qiyosiy ma’lumotlarga ko‘ra, o‘tgan yilning sentyabr oyida Qozog‘iston Respublikasida o‘rtacha nominal ish haqi 817,2 dollarni tashkil etgan – bu O‘zbekiston (437,8 dollar) yoki Qirg‘iziston (411,2 AQSH dollari)dagidan deyarli ikki baravar ko‘p.
LiveBarchasi