O‘zbekistonda o‘rtacha ish haqi qariyb 4 mln so‘mga yetdi – Statistika agentligi
Jamiyat
−
28 yanvar 2023
10058O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi statistika agentligi 2022 yilda o‘rtacha ish haqi 2021 yilga nisbatan 21,1 foizga oshib, 3,8 mln so‘mni tashkil etganini aytmoqda. Bu haqda agentlik 2022 yil yanvar-dekabr oylari uchun tayyorlagan hisobotida ma’lum qilgan.
Unga ko‘ra, respublika bo‘yicha hududlar kesimidagi eng yuqori ish haqi Toshkent shahriga to‘g‘ri kelib, poytaxtda o‘rtachi ish haqi 6 mln 300 ming so‘mga teng.
Yana bir yuqori ko‘rsatkich esa Navoiy viloyatlariga to‘g‘ri keladi – 5,1 mln so‘m.
Shuningdek, Toshkent viloyatida bu ko‘rsatkich 3 mnl 946 ming so‘mga, Andijon viloyatida 3 mln 381 ming so‘mga hamda Buxoroda 3 mln 310 ming so‘m, Qoraqalpog‘istonda 3 mln 246 ming so‘m, Sirdaryoda 3 mln 221 mingga tengligi ko‘rsatilgan.
Statistika agentligining ma’lum qilishicha, respublikadagi eng kam ish haqi Farg‘ona viloyatida qayd etilgan bo‘lib, viloyatdagi o‘ztacha oylik maosh miqdori 2,9 mln so‘mga teng.
O‘zbekistonda eng yuqori maoshni bank, sug‘urta, lizing, kredit va vositachilik faoliyati sohasiga to‘g‘ri kelib, 10 817,1 ming so‘mni tashkil etdi. Shuningdek, axborot va aloqa sohasi 7 556,4 ming so‘mni, tashish va saqlash sohasi 5 079,8 ming so‘mni va sanoat sohasi 4 920,0 ming so‘mni tashkil etib, o‘rtacha oylik ish haqiga nisbatan yuqori ko‘rsatkichni tashkil qiladi.
Eng past ko‘rsatkich esa ta’lim sohasiga to‘g‘ri kelib, 2 mln 700 ming so‘mni tashkil qiladi. Shuningdek, sog‘liqni saqlash va ijtimoiy xizmatlar sohalarida ham oylik ish haqi past bo‘lib, bu ko‘rsatkich 2 mln 611 ming so‘m ekanligi qayd etilgan.