O‘zbekistonda o‘quvchilarning qanchasi maktabda yakkalab qo‘yilishi aniqlandi
Jamiyat
−
14 Oktabr 2022
9367O‘zbekistonda ruhiy salomatligi bo‘yicha maktab o‘quvchilarning 15,4 foizi — o‘rtacha va o‘ta og‘ir xavotir holatida ekani hamda 9,8 foizi — depressiyaga duch kelgani aniqlandi. Bu haqda bugun, 14 oktyabr kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ma’lumot berildi.
Qayd etilishicha, UNICEF bilan birgalikda o‘tkazilgan tadqiqotda respublikadagi barcha 14 ta hududdagi 299 ta maktabning 22854 nafar o‘quvchisi ishtirok etgan.
“O‘smirlik juda katta imkoniyatlarni taqdim etadi, shuningdek, ruhiy salomatlikka ziyon yetkazuvchi omillar sababli alohida e’tiborni ham talab qiladi. Bu o‘smirlarning o‘rganish, qarorlar qabul qilish hamda jamiyat hayotida faol ishtirok etishlariga ta’sir qiladi”, deydi UNICEF’ning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Munir Mamedzade.
Tadqiqot natijalariga ko‘ra, 10 foizdan oshiq o‘quvchilar ijtimoiy bog‘liqlikni his etmaydi va ajratishni boshdan kechiradi. Shuningdek, har 10 ta o‘quvchidan bittasi o‘zini maktab bilan bog‘lamaydi (8,7 foiz), undan ham ko‘prog‘i o‘zini maktabning bir qismi deb hisoblamaydi (13,1 foiz) yoki o‘zini sinfda yolg‘iz his qiladi (16,7 foiz).
Tadqiqot bo‘yicha hisobotda maktablarda ruhiy salomatlik bo‘yicha o‘tkaziladigan tadbirlar, boshqa sektorlar bilan hamkorlik qilish bo‘yicha tavsiyalar, jumladan quyidagilar keltirilgan:
• o‘smirlar va ota-onalar uchun ogoh bo‘lishga undaydigan holatlar, xavf va himoya omillari to‘g‘risida bilimlarni oshirish uchun maktablarda ruhiy salomatlik to‘g‘risida xabardorlikni oshirish;
• ruhiy salomatlik savodxonligi bo‘yicha o‘quv dasturini ishlab chiqish;
• maktab psixologlarining salohiyatni oshirish va maslahat berish usullarini yangilash bo‘yicha ularning malakasini oshirish;
• ruhiy salomatlik uchun dalillarga asoslangan maqsadli xizmat ko‘rsatish dasturlariga investitsiyalar ajratish;
• qo‘llab-quvvatlovchi oilaviy muhitni yaratishga ko‘maklashish;
• maktablar bilan mahallalarning hamkorligini kengaytirish.
LiveBarchasi