O‘zbekistonda TikTok'ni butunlay bloklash taklif qilindi
Jamiyat
−
02 fevral 2022
8607O‘zbekistonda TikTok ijtimoiy tarmog‘ini butkul bloklash tavsiya qilindi. Bu taklif “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi tomonidan berildi.
“Bugungi yosh avlodning “tiktoker”lik vasvasasida olayotgan turli-tuman videolari orasida o‘zgalar hayotiga daxl qiluvchi nomaqbul kadrlarning ham ko‘payayotganligi mazkur masalaga jiddiyroq yondashishimiz lozimligidan dalolat beradi. Shu kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan ko‘chada ketayotgan kishini tepgan samarqandlik yigit video tasviri ham shular sirasidandir. Biron bir sababsiz, shunchaki ijtimoiy tarmoq “yulduzi” bo‘lish ilinjida qasddan qilingan ushbu tajovuzkorlik, ko‘pchilikning noroziligiga sabab bo‘lmoqda. Vaholanki, hech qanday omil yoshi ulug‘ insonlarga nisbatan qo‘pol munosabatda bo‘lishga sabab bo‘la olmaydi”, deyiladi xabarda.
Partiyaga ko‘ra, bunday sharafli yo‘lda kerak bo‘lsa jinoiy javobgarlik choralarini kuchaytirish, foydasidan ko‘ra ziyoni ko‘p bo‘layotgan internet tarmog‘idagi TikTok singari mobil ilovalarni sodir bo‘layotgan ko‘ngilsiz voqea-hodisalarni hisobga olgan holda butunlay bloklash lozim.
“Shusiz ham taqiqlar mavjud-ku” deyishimiz mumkin. Biroq ko‘r-ko‘rona mashhurlikka o‘ch yoshlar ongini zaharlab, ijtimoiy tarmoqda shuhrat qozonishga “oltin ko‘prik” vazifasini o‘tayotgan TikTok bilan “tiktokerlar”imiz VPN ilovasi orqali ulanish imkoniyati borligi bu masalani ham o‘rganib chiqish zarurligini ko‘rsatadi”, deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev “tiktoker”larnini cheklash emas, ularga imkoniyat berish kerakligi haqida gapirgan edi.
Avvalroq, “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Markaziy kengashi raisi o‘rinbosari Feruza Muhammadjonova TikTok ijtimoiy tarmog‘ini butunlay bloklash taklifi bilan chiqqan edi.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston hududida Twitter, TikTok va “VKontakte” cheklangan. O‘zbekiston yuqoridagi kompaniyalarga serverlarini O‘zbekistonga ko‘chirish bo‘yicha talabnomalar yuborgan. Shundan so‘ng, 2021 yilning 2 iyulida “Shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risida”gi Qonunning 27-1-moddasi talablariga zid ravishda O‘zbekiston fuqarolarining shaxsga doir ma’lumotlariga ishlov berilayotgani uchun ayrim ijtimoiy tarmoqlar faoliyatiga cheklov o‘rnatilgan.
LiveBarchasi