O‘zbekistonda Tax Free tizimi ishga tushirilyapti
Jamiyat
−
10 noyabr 2022
9535Chet elliklar 2023 yilning 1 yanvaridan boshlab O‘zbekistonda amalga oshirgan xaridlari uchun QQS (Qo‘shilgan qiymat solig‘i)larini qaytarib olishi mumkin bo‘ladi. Bu haqda Davlat soliq qo‘mitasi xabar berdi.
Bu bo‘yicha 8 noyabr kuni “Chet davlat fuqarolari tomonidan O‘zbekiston hududidan chiqib ketishda avval xarid qilingan tovarlar uchun qo‘shilgan qiymat solig‘ini qaytarish tizimini joriy etish to‘g‘risida”gi Vazirlar Mahkamasining qarori qabul qilingan.
Qarorga ko‘ra, 2023 yil 1 yanvardan chet davlat fuqarolariga ular tomonidan O‘zbekiston hududidagi chakana savdo bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlardan ayrim turdagi tovarlarni sotib olishda to‘langan QQS summasini qaytarish — Tax Free tizimi tajriba tariqasida joriy etiladi.
Ushbu tizim respublikaning barcha hududlaridagi chakana savdo ob’ektlarida qaror bilan tasdiqlangan ro‘yxatga kiritilgan tovarlarga nisbatan qo‘llaniladi. Buning uchun umumiy qiymati kamida 1 mln so‘m bo‘lgan Tax Free tizimi tatbiq etiladigan tovarlarni xarid qilish lozim.
Chet el fuqarolari Tax Free'dan foydalanish uchun “Soliq” mobil ilovasida ro‘yxatdan o‘tishi va xaridlari bo‘yicha taqdim etilgan onlayn-NKT fiskal cheklarini skanerlashi kerak bo‘ladi.
Qayd etilishicha, summani hisoblash, uni chet davlat fuqarosining bank plastik kartasiga yoki bank hisobvarag‘iga o‘tkazib berish tizim operatori “Soliq-servis”DUK tomonidan amalga oshiriladi.
Shuningdek, mazkur jarayonlarni “Soliq” mobil ilovasida onlayn tarzda kuzatib borish mumkin bo‘ladi.
Chet davlat fuqarolari O‘zbekiston hududini Toshkent, Samarqand, Buxoro, Farg‘ona va Urganch xalqaro aeroportlari orqali tark etganda tizim operatoriga murojaat qilgan holda mahsulot xarid qilgan paytdan boshlab 3 oy ichida QQS summasini qaytarishni rasmiylashtirishlari mumkin bo‘ladi.
Tax Free summasi chet davlat fuqarosining respublika hududidan chiqib ketgani tasdiqlangandan so‘ng, xarid amalga oshirilgan oydan keyingi oyning 25-kunidan keyin qaytariladi.
LiveBarchasi