O‘zbekistonda taksichilar har oy davlatga soliq to‘laydi

Jamiyat

image

Endi yakka tartibda taksichilik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlar O‘zbekiston Respublikasi hududida faoliyatlarini amalga oshirishlari uchun oyiga 150 ming so‘m miqdorida qat’iy belgilangan soliq va belgilangan miqdorda ijtimoiy soliqni to‘laydi. Bu haqda joriy yilning 6 iyun kuni bo‘lib o‘tgan brifingda Davlat soliq qo‘mitasi Axborot xizmati rahbari Muzaffar Nazarov ma’lumot berdi.

Shuningdek, taksichilarning  O‘zbekiston Respublikasining qaysi hududida faoliyat yuritishidan qat’iy nazar, berilgan litsenziya varaqasi bo‘yicha 1 yilga 245 ming so‘m davlat boji ham undiriladi. 

“Bunda joriy yil 1 sentyabrgacha yakka tartibdagi tadbirkor sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tganlar uchun davlat boji undirilmaydi. Bu ham taksichilik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi fuqarolarimiz uchun imkoniyat”, deydi DSQ Axborot xizmati rahbari.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 7 maydagi “Avtomobil  transportida yo‘lovchi tashish faoliyatini tartibga solishni yanada soddalashtirish chora tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan , shu yilning 15 mayidan yakka tartibdagi tadbirkor sifatida taksichilik faoliyati bilan shug‘ullanishga ruxsat etilgan.  

Qarorda keltirilishicha, taksichilik faoliyati bilan shug‘illanuvchilardan endilikda biror bir uyushmaga a’zo bo‘lish va shaxsiy avtotransport vositalarini sariq rangga  bo‘yash talab etilmaydi.  Ammo, ushbu faoliyat bilan shug‘ullanuvchi jismoniy shaxslar avtotransport vositalariga  taksi belgisini o‘rnatishlari kerakligi belgilab qo‘yilgan.

Durdona Pirnazarova


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Baholaganlar

666

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing