O‘zbekistonda surunkali qoidabuzarlarga qarshi yangi tizim ishga tushiriladi
Jamiyat
−
09 iyul 6319 2 daqiqa
O‘zbekistonda endilikda “Surunkali qoidabuzarlar” dasturi ishga tushiriladi. Bu haqda bugun, 9 iyul kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilayotgan yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash va tirbandlikni kamaytirish bo‘yicha videoselektor yig‘ilishida ma’lum qilindi.
Qayd etilishicha, o‘tgan yilda haydovchilar 24 millionta huquqbuzarlik sodir etgan. Bularning 81 foizi qo‘pol qoidabuzarlikka kiradi. Samarqand, Qashqadaryo, Toshkent viloyati va Toshkent shahrida bu surunkali tus olgan.
Ijtimoiy tarmoqlarda aholi, hatto taniqli shaxslar o‘rtasida “jarimani to‘lab qo‘ydim-ku, xohlaganimdek yuraveraman”, deyish avj olgan.
“Endilikda yo‘llarda haydovchilik madaniyatini oshirish, ashaddiy huquqbuzarlarga qonun kuchini ko‘rsatish maqsadida yangi tizim qilamiz”, deydi Prezident.
Buning uchun “Surunkali qoidabuzarlar” dasturi ishga tushiriladi. Qarama-qarshi harakatlanish, chiroqning qizil rangida o‘tish bir oy ichida 2 marta sodir etilsa yoki tezlik 5 marta oshirilsa – 1 yilgacha jarimadan chegirma berilmaydi. Bunday huquqbuzarliklar bir oy ichida 10 tadan ko‘p bo‘lsa – 6 oygacha haydovchilik guvohnomasidan mahrum qilinadi.
Shuningdek, tezlik uchun jarimalarni qayta ko‘rib chiqib, me’yordan 2-3 karra tez yurganlarni haydovchilik huquqidan mahrum qilish bo‘yicha qonunchilikka o‘zgartirish kiritish maqsadga muvofiq ekani qayd etildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Mirziyoyev mazkur videoselektor yig‘ilishida o‘tgan 2024 yil davomida O‘zbekistonda yo‘l-transport hodisasi tufayli 2 ming 203 nafar odam halok bo‘lganini, har to‘rtinchi avariyada 1 kishi yoki kuniga o‘rtacha 6 kishi vafot etayotganini aytib, tashvish bildirgan edi.
Shuningdek, Prezident yo‘l infratuzilmasini yaxshilash orqali avariyalarni kamaytirish bo‘yicha “Xavfsiz yo‘l” milliy dasturi boshlanishini e’lon qilgandi.
Live
Barchasi