O‘zbekistonda sudyaning faoliyatiga to‘sqinlik qilish bo‘yicha javobgarlik kuchaytiriladi

Jamiyat

image

Yerga bo‘lgan huquqlar kafolati kuchaytirilib, mulkiy huquqlarni bekor qilish faqat sud tartibida hal etilishini qat’iy belgilash zarur. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 30 iyun kuni o‘tgan odil sudlovni ta’minlash va korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi vazifalar muhokamasiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida Oliy sud va Parlament palatalari oldiga yuqoridagi talabni qo‘ygan. 

Prezidentning qayd etishicha, xususiy mulk qonun va sudning kafolatli himoyasida bo‘lishi zarur.

Mamlakatda oxirgi bir yarim yil ichida sudlar tomonidan hokimlarning yer ajratish, bino-inshootlarni buzish va xususiylashtirishga oid 1 ming 730 ta qarori bekor qilingan. 

Sud orqali yer munosabatlari bilan bog‘liq mingta, uy-joy buzilishiga doir 51 ta, xususiylashtirishga oid 62 ta holatda fuqarolar va tadbirkorlarning huquqlari tiklangan.

Toshkent viloyatida – 66 ta, Xorazmda – 54 ta, Farg‘onada – 47 ta, Namanganda – 44 ta, Qashqadaryoda – 39 ta tuman (shahar) hokimlarining qarorlari noqonuniy deb topilgan.

“Parlamentimiz palatalari (Norboyeva, Ismoilov) xususiylashtirish natijalarini qayta ko‘rib chiqishni bekor qilish, umuman, davlat idoralarining bunday tashabbus bilan chiqishiga yo‘l qo‘ymaslikni qonunda mustahkamlashi kerak”, deydi davlat rahbari. 

Prezidentning ta’kidlashicha, mulkiy huquqlarni bekor qilish faqat sud tartibida hal etilishi kerak. Viloyat, tuman (shahar) hokimlari, barcha sektor rahbarlari o‘z hududlarida ushbu talablarga qat’iy amal qilinishini ta’minlashi shart.

“Bir narsani bilinglar – sarmoya kiritayotgan investor birinchi navbatda o‘z huquqlari sud orqali kafolatli himoya qilinishiga e’tibor beradi. Hamma rahbarlar qulog‘iga quyib olsin: sud faoliyatiga aralashishga hech kimning haqqi yo‘q.

Sudlarning fuqaro va tadbirkorlar foydasiga chiqargan qarorlari tufayli birorta rahbar ularga tazyiq o‘tkazishga harakat qilsa, bilib qo‘yinglar, islohotlarimizga xiyonat qilgan bo‘ladi”, deydi Prezident.

Yig‘ilishda qayd etilishicha, sud raislari, sudyalarni viloyat, tuman (shahar)dagi sud faoliyati bilan bog‘liq bo‘lmagan yig‘ilishlarga jalb etishi mumkin emas. 

Videoselektorda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisi Tanzila Norboyeva, Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi spikeri Nurdinjon Ismoilov, Oliy sud raisi Kozimjon Komilov bir oy muddatda sudyaning faoliyatiga to‘sqinlik qilgani va adolatsiz qaror chiqarishga majburlagani uchun javobgarlikni kuchaytirish bo‘yicha qonun loyihasini kiritishi belgilandi. 


Maqola muallifi

Teglar

sud Oliy sud

Baholaganlar

36

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing