O‘zbekistonda soqol va hijob siyosati bo‘yicha tortishuvlar davom etmoqda – AQSH
Jamiyat
−
14 may 2021
20157Joriy yilning 12 may kuni AQSH Davlat departamenti “Xalqaro diniy erkinlik” to‘g‘risidagi 2020 yilgi hisobotni e’lon qildi. Hisobot to‘g‘risida AQSH davlat kotibi Entoni Blinken ma’lumot berdi.
Har yili AQSHning butun dunyo bo‘ylab joylashgan elchixona va konsullik xodimlari 200 ga yaqin mamlakatda diniy erkinlik bo‘yicha ma’lumot yig‘ib, yillik hisobot ustida ishlaydi.
2020 yilgi hisobotning O‘zbekiston uchun bag‘ishlangan qismida quyidagilar qayd etildi:
- Prezident Shavkat Mirziyoyev 2020 yilda o‘zining 5 qarori bilan 616 mahkumni, shu jumladan, amalda bo‘lgan “Diniy tashkilotlar va vijdon erkinligi to‘g‘risida”gi qonun talablarini buzgani uchun qamalgan 243 nafar mahkumni ozodlikka chiqardi yoki ularga belgilangan jazo muddatlarini qisqartirdi;
- ba’zi faollar va nodavlat tashkilot vakillarining ta’kidlashicha, hukumat mahbuslarga nisbatan yomon munosabatni davom ettirmoqda, shu jumladan jismoniy zo‘ravonlik va ba’zi hollarda diniy ekstremizmda gumon qilinib hibsga olingan va qamalgan shaxslarning qamoq muddatlarini uzaytirishga intilgan;
- hukumatning soqol qo‘yish va hijob kiyish siyosati bo‘yicha tortishuvlar davom etmoqda;
- hukumat yil oxiriga kelib, diniy masala sabab hibsda saqlanayotgan shaxslar sonini taqdim qilmadi, ammo 38 kishiga nisbatan “taqiqlangan diniy ekstremistik guruhlarga a’zolik yoki tadbirlarda” ishtirok etganlik uchun jinoiy ishlar qo‘zg‘atilganini hamda “taqiqlangan diniy materiallar kontrabandasi bilan shug‘ullangani” uchun 22 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilganligi haqida xabar berildi;
- OAV hukumat diniy mazmundagi ba’zi veb-saytlarga, kirishni taqiqlaganini xabar qildi;
- avgust oyida hukumat diniy tashkilotlarni ro‘yxatdan o‘tkazish tartiblarini yanada soddalashtirdi, ammo amaldagi din to‘g‘risidagi qonun bo‘yicha guruhlarning ro‘yxatdan o‘tishi qiyinlashayotgani aytilmoqda.
Hisobotda shuningdek, islomga kirmaydigan diniy ozchiliklarning ayrim a’zolari dafn marosimlarini o‘tkazishda qiyinchiliklarga uchrayotganini aytilmoqda.
Qayd etilishicha, yil davomida AQSHning O‘zbekistondagi elchisi va elchixonaning boshqa rasmiylari yuqori darajadagi hukumat amaldorlari bilan uchrashib, diniy erkinlik mavzusi bo‘yicha o‘tkazilgan muzokaralarda o‘z xavotirlarini namoyish qildi.
AQSH elchixonasi xodimlari O‘zbekiston hukumatidan din to‘g‘risidagi qonun loyihasiga o‘zgartirishlar kiritishda xalqaro ekspertlarning tavsiyalari hamda jamoatchilik fikri inobatga olinishini so‘ragani ham qo‘shimcha qilingan.
Eslatib o‘tamiz, 2018 yilning dekabrida O‘zbekiston diniy erkinlik bo‘yicha vaziyat “alohida xavotirga molik” mamlakatlar ro‘yxatidan, shuningdek, oradan yana ikki yil o‘tib, “maxsus kuzatuv ostidagi davlatlar” ro‘yxatidan chiqarilgan edi. Shunday bo‘lsa-da, 2021 yilning aprel oyida AQSHning xalqaro diniy erkinlik bo‘yicha komissiyasi O‘zbekistonni “maxsus kuzatuv ostidagi davlatlar” ro‘yxatiga qayta kiritishni tavsiya etdi.
LiveBarchasi