O‘zbekistonda siyosiy elita va boylar bolalarini nega chet elda o‘qitadi?

Intervyu

image

O‘zbekistonda siyosiy elita va boy tadbirkorlar nima uchun farzandlarini xorijda o‘qitadi? Ularni O‘zbekistondagi ta’lim sifati qoniqtirmaydimi? Ushbu savol bilan QALAMPIR.UZ’ning “Jim turing” loyihasi mehmoni “Murad Buildings” kompaniyasi asoschisi Murod Nazarovga yuzlanildi.

“Avvalambor, bu yaqin 3-4 yilda uchrayotgan holat. Men buni yaxshi narsa, deb hisoblayman. Oldin boylarimiz ham puli bo‘la turib farzandini o‘qitmasdi. Uy, dacha qurardi, mashina olardi, o‘zini tillaga bezardi, lekin bolalarini o‘qitmasdi. 

Faqat boylar emas, imkoni bor hamyurtlarimiz farzandlarining ta’limiga pul tikyapti va bu katta o‘zgarish. Buning yaxshilik tarafini ko‘raylik. Yaponiya va Xitoy ham o‘z talabalarini chet elga o‘qishga jo‘natib, rivojlangan davlatlar tajribasini o‘ziga olib kelib, yuksalgan. Imkon bo‘lsa, bizning farzandlarimiz ham chet elga chiqib o‘qisin. Pul bo‘lishi shart emas. Men buni o‘z jiyanim misolida ko‘rib turibman. Oilasining puli yo‘q, lekin grant topib, o‘qishga ketyapti”, deydi Murod Nazarov.

O‘zbekistonda juda ko‘p amaldorlar, Senat rahbariyatidan to vazirlik va idoralarning yuqori lavozimlarida ishlayotgan mansabdorlarning farzandlari chet elga o‘qishga ketgancha, qaytmagan. To‘g‘ri, Nazarov aytganidek, yoshlarning chet elda ta’lim olib kelgani va o‘sha tajribani O‘zbekistonda tadbiq etgani, albatta, quvonarli. Ammo, qaytmasa-chi?! Bu haqda Nazarov shunday deydi:

“Bu savolni menga ham ko‘p berishadi. Qizlarimni Angliyadagi maktab-internatga berganmiz. Ularni 2-3 yil o‘qitmoqchiman. Dunyoni ko‘rsin, dunyoqarashi kengaysin. Kelajakda zamonaviy yigitga turmushga chiqqanda, u bilan xizmat safariga borganda, qiynalib qolmasin. Eriga yaxshi hamroh, hamfikr bo‘la oladigan turmush o‘rtoq bo‘lsin, deb 2-3 yilga jo‘natyapmiz. Lekin ular qaytib kelishadi. Katta qizim 15 ga to‘lyapti, bu yil qaytib keladi va 2-3 yil turmushga chiqqunga qadar oilaviy muhitni, o‘zbekona an’analarni o‘rganadi.

O‘g‘limiz esa 4 yildan beri o‘qiyapti, kelasi yil 4 yillik institutga kiradi. Ba’zilar aytishi mumkin, “4 yildan buyon o‘qiyotgan bo‘lsa, yana 4 yil o‘qisa, qaytib kelmasligi mumkin-ku”. Kelish-kelmasligining menga farqi yo‘q. Biz farzandlarimizga aytamizki, Vatan – bu bizning yer sharimiz. Biz qayerda baxtli bo‘lsak, o‘sha yer bizning Vatanimiz. Nimaga? Inson o‘zi baxtli bo‘lmasa, birovga baxt ulasha olmaydi. O‘zi shirin ovqat yemagan odam boshqalarga shirin ovqat tayyorlab berolmaydi. Baxt nimaligini bilmaganlar boshqalarni baxtiyor qilolmaydi. Shuning uchun inson birinchi navbatda o‘zi baxtiyor bo‘lishi kerak. Keyin u bu baxtni boshqalar bilan bo‘lishishni boshlaydi. Farzandlarimga, “qayerda bo‘lmagin, muvaffaqiyat qozonib, yurtimizga, qarindoshlaringga, millatdoshlaringga foydang tegsa, o‘sha yerda biz seni duo qilib turamiz”, deyman”.

Murod Nazarovga ko‘ra, Rossiya, Koreya, Amerika, Yaponiyada o‘qib, ishlayotgan o‘zbekistonliklar Toshkentda juda ko‘p uy xarid qiladi. Aynan Murod Nazarovga tegishli uylarning 15 foizini AQSHda yashayotgan o‘zbekistonliklar sotib oladi. 

“Agar ular o‘sha yerlarda qolib ketishsa, uy olishmasdi. Pandemiya vaqtida ham yurtimizga bizdan ko‘ra chet elda ishlayotgan yurtdoshlarimizning foydasi ko‘proq tegdi. Chunki imkoni bor, ko‘proq pul topyapti. Bizda ishi yaxshi yurishib turgan tadbirkorlar 100-200, boring ana mingtadir. Lekin chet elda minglab vatandoshlarimiz 100-200 dollardan to‘plab bo‘lsa ham qanchadan-qancha yordam qilishdi”, deydi Nazarov. 

U mavzu atrofidagi fikrlarini bayon etarkan, chetl elga o‘qishga ketayotgan va o‘sha mamlakatlarda qolib ketayotgan bola Vatandanmas, oiladagi notinchlikdan qochadi va qaytmaydi. 

“Chet elga o‘qishga ketgan bolaning qaytmasligidan qo‘rqish kerakmas. Bu oilaviy muhitga bog‘liq. Oilasidagi janjallardan charchagan bola chet elda tinchini topadi va yana janjalga qaytishni xohlamaydi. Lekin shukuhi, baxtiyorligi, ahilchiligi bo‘lgan, ota-onasi, bobo-buvisi bilan bayramlarda mazza qilib vaqt o‘tkazgan bola qayerda bo‘lmasin oilasiga talpinadi. O‘sha baxtiyor damlarni sog‘inadi. Bolasini chet elga jo‘natishdan qo‘rqayotgan oilalar o‘zidan qo‘rqyapti. O‘z oilasida ahillik yo‘qligidan xavotirda. Ahil oilalar bolasini chet elga jo‘natishdan qo‘rqmaydi. Chunki ular farzandi qaytib kelmasligidan shubha ham qilmaydi”, deydi tadbirkor Murod Nazarov. 

Murod Nazarov bilan intervyuni hoziroq yuqoridagi videopleyerda yoki QALAMPIR.UZ'ning YouTube'dagi sahifasida tomosha qilishingiz mumkin.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

426

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing