O‘zbekistonda shakar arzonlashdi – Raqobat qo‘mitasi 

Jamiyat

image

Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi O‘zbekistondagi dehqon bozorlari (elga xizmat rastalari) va yirik savdo tarmoqlarida shakar mahsulotining chakana narxi avvalgi vaqtga nisbatan arzonlashib, uning 1 kilogrammi uchun 13 000 so‘mdan sotilishi ta’minlanayotganini ma’lum qildi. Bu haqda qo‘mitaning maxsus bayonoti e’lon qilindi.

Qayd etilishicha, ichki bozorda shakarga bo‘lgan ehtiyoj bir yilda o‘rtacha 600 – 650 ming tonnani tashkil etib, mahalliy shakar ishlab chiqaruvchi korxonalarda (quvvati 1,2 mln tonnadan ortiq) ehtiyojni to‘liq qoplash imkoniyati mavjud.

“Xususan, bugungi kun holatiga mahalliy shakar zavodlarida 258 ming tonna shakar mahsuloti resurslari mavjud hamda arzon narxlarda xomashyo yetkazib berish bo‘yicha uzoq muddatli shartnomalar imzolangan.  Shundan, omborda 22 ming tonna tayyor shakar va 83 ming tonna xomashyo, shuningdek, iyun oyiga qadar 153 ming tonna xomashyo yetkazib beriladi. Bundan tashqari, joriy yilning birinchi choragida respublikaga  jami 65,5 ming tonna shakar, asosan Rossiya, Qozog‘iston va Belarus davlatlaridan import qilingan”, deyiladi qo‘mita xabarida. 

Bildirilishicha, kecha, 16 aprel kunidan boshlab mahalliy ishlab chiqaruvchilar tomonidan birja savdolariga qo‘yiladigan shakar mahsulotining kunlik hajmi  20 foizga (2 100 tonnadan – 2 500 tonnaga) oshirilib, boshlang‘ich narxi 6 foizga (13 600 so‘mdan – 12 860 so‘mga) pasaytirildi. 

Ma’lum qilinishicha, bugungi kunda (16 aprel holatiga ko‘ra) mahalliy korxonalar tomonidan birja savdolariga jami 2 500 tonna shakar mahsuloti boshlang‘ich narxi 12 860 so‘mdan qo‘yilib, 88 foizi (yoki 2 206 tnsi) 1 kg uchun o‘rtacha 13 039 so‘mdan realizatsiya qilingan.

Eslatib o‘tamiz, oldinroq Rossiya Federatsiyasi 2024 yil 31 avgustgacha shakar va xom shakar eksportiga vaqtinchalik taqiq joriy etishi xabar qilingandi.  Shundan so‘ng ijtimoiy tarmoqlarda Rossiya O‘zbekistonga shakar yetkazib berishni to‘xtatishi respublika ichki bozorida shakar narxining qimmatlashuviga olib kelishi haqida xabarlar tarqaldi. O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi bunga munosabat bildirib, nafaqat Rossiyadan, balki boshqa mamlakatlardan ham tayyor shakar mahsuloti importi cheklansada, mahalliy korxonalar tomonidan ichki talabni to‘la qondirish imkoniyati mavjud ekanini ma’lum qilgandi.

Diyorbek Olimov


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing