O‘zbekistonda saylovlar nega dekabrda emas, oktyabrda o‘tkazilmoqchi?

Jamiyat

Xabaringiz bor, joriy yil oxirlarida O‘zbekistonda yirik siyosiy voqea – Prezident saylovi kutilmoqda. Mamlakatda Prezident saylovi dekabr oyida o‘tkazilishi an’anaga aylangan. Biroq, galdagi saylov oktyabr oyida bo‘lib o‘tishi mumkin. Prezident saylovlari oktyabr oyi uchinchi o‘n kunligining birinchi yakshanbasida o‘tkazilishi mumkin. 

Xo‘sh, O‘zbekistonda prezidentlik saylovlari nega aynan dekabr oyida emas, oktyabrda o‘tkazilmoqchi? Saylovlarning muddatini o‘zgartirish nega kerak? Bu qarorning davlat va odamlarga qanday ta’siri bor? Bu haqda kecha, 27 yanvar kuni tashkil etilgan Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari qo‘mitasi tomonidan Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti bilan hamkorlikda “Saylov qonunchiligini takomillashtirishning dolzarb masalalari” mavzusidagi davra suhbatida so‘z ochildi. QALAMPIR.UZ muxbiri voqea joyidan xabar berdi. 

Ma’lum qilinishicha, deputatlar guruhi milliy va xorijiy ekspertlar bilan parlament, Prezident va mahalliy vakillik organlari saylovlari muddatlarini dekabr oyidan oktyabr oyiga ko‘chirish masalasini atroflicha o‘rgangan.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 117-moddasiga muvofiq, Prezident saylovi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi va mahalliy vakillik organlariga saylovlar tegishincha ularning konstitutsiyaviy vakolat muddati tugaydigan yilda – dekabr oyi uchinchi o‘n kunligining birinchi yakshanbasida o‘tkaziladi.

Xuddi shunday norma “Referendum yakunlari hamda davlat hokimiyati tashkil etilishining asosiy prinsiplari to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy Qonunning 3-moddasida ham bor.

Ta’kidlanishicha, O‘zbekistonda saylovlarning muddatini dekabr oyidan oktyabr oyiga ko‘chirishni quyidagi muhim omillar taqozo etmoqda:

Birinchi omil: parlament saylovlari bo‘lib o‘tganidan keyin qonunchilikda belgilangan muddatlarda Qonunchilik palatasi va Senatning birinchi majlislarini o‘tkazish, ularning qo‘shma majlislarida Bosh vazir nomzodini tasdiqlash, Vazirlar Mahkamasi – Hukumatni shakllantirish, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Oliy Majlisga Murojaatnomasini o‘tkazish kabi muhim siyosiy-huquqiy jarayonlar yangi yilning birinchi choragiga to‘g‘ri kelmoqda. Bu esa Davlat dasturlarini qabul qilish va tegishli yilga mo‘ljallangan boshqa islohotlarning mart-aprel oylariga qadar surilishiga sabab bo‘lmoqda.

Masalan, 2019 yilgi parlament saylovlaridan keyingi siyosiy-huquqiy jarayonlar juda qisqa muddatda, ya’ni 2020 yilning 20-24 yanvar kunlari oralig‘ida bo‘lib o‘tgan. 2020 yilga mo‘ljallangan Davlat dasturi esa 2 mart kuni qabul qilingan.

Ikkinchi omil: saylovlar qahraton sovuq davr – qish mavsumiga to‘g‘ri kelishi, o‘z navbatida, fuqarolarning saylovlardagi faolligini yanada oshirish, saylovoldi tashviqoti tadbirlarini keng qamrovli o‘tkazish, zamonaviy saylov texnologiyalaridan foydalanish, ayniqsa, ommaviy tadbirlarni tashkillashtirishda bir qator kamchiliklar yuzaga kelishiga sabab bo‘lmoqda. O‘tgan saylovlar davrida aholi va elektorat, siyosiy partiyalar tomonidan bu borada qator takliflar bildirilgan.

Uchinchi omil: xorijiy tajriba shuni ko‘rsatmoqdaki, asosan iqlimi issiq bo‘lgan janubiy yarimshar davlatlarida, masalan, Gana, Misr, Nigeriya, Janubiy Afrika Respublikasi, Jazoir, Venesuela, Dominika kabi mamlakatlarda saylovlar dekabr oyida o‘tkaziladi. AQSH, Shveysariya, Ispaniya, Urugvay, Chili, Bosniya, Iordaniya, Moldova va bir qator Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi davlatlarida esa saylovlar oktyabr-noyabr oylarida bo‘lib o‘tadi.

To‘rtinchi omil: O‘zbekistonda o‘tkaziladigan saylovlar Yevropa va Amerika davlatlaridan taklif etilgan kuzatuvchilarning diniy bayrami, xususan, “Rojdestvo” nishonlanadigan 25 dekabr sanasiga to‘g‘ri kelishi tufayli saylov sohasida jahon miqyosida obro‘ga ega xalqaro kuzatuvchilarning ishtirokini cheklamoqda.

Ana shu omillarni inobatga olib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi va mahalliy vakillik organlariga saylovlarni dekabr oyidan oktyabr oyi uchinchi o‘n kunligining birinchi yakshanbasiga ko‘chirish taklif etilmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

140

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing