O‘zbekistonda Rossiyaning ikkita universiteti filiali ochiladi
Jamiyat
−
29 Oktabr 2021
7659O‘zbekistonda Rossiyaning ikkita: dizayn-texnologiya va geodeziya universitetlarining filiali ochilishi kutilmoqda. Bu haqda joriy yilning 27 oktyabr kuni Moskva shahrida o‘tkazilgan O‘zbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi o‘rtasida iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiyaning 22-yig‘ilishida aytib o‘tildi.
Yig‘ilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari - investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov hamda Rossiya Federatsiyasi iqtisodiy rivojlanish vaziri Maksim Reshetnikov hamraisligida o‘tkazildi.
Kun tartibi doirasida ikkala mamlakatning o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, sanoat, transport va logistika, madaniy-gumanitar hamkorligi kabi keng ko‘lamli masalalar ko‘rib chiqildi.
Komissiya majlisida ta’lim sohasidagi hamkorlikka ham alohida e’tibor qaratildi. Qayd etilishicha, yaqin kelajakda yana ikkita universitet:Kosigin nomidagi Dizayn universiteti va texnologiya universiteti hamda Moskva davlat geodeziya va kartografiya universitetining filiallari ochilishi kutilmoqda.
Hozirgi vaqtda esa O‘zbekistonda Rossiya universitetlarining 15 ta filiali faoliyat ko‘rsatayotgani ta’kidlandi.
Shu nuqtai nazardan yuqori malakali kadrlar tayyorlash, ilmiy-tadqiqot va taraqqiyot sohasidagi hamkorlik qilish hamda Ta’lim forumi, Media-forum, Rossiyada O‘zbekiston madaniyati kunlari va boshqa qator qo‘shma tadbirlarni o‘tkazish masalalari ko‘rib chiqildi.
Uchrashuv yakunida tadbir davomida erishilgan asosiy kelishuvlarni aks ettiruvchi yakuniy Bayonnoma imzolandi.