O‘zbekistonda “Renovatsiya to‘g‘risida”gi qonun qabul qilinishi mumkin
Jamiyat
−
18 noyabr
3682O‘zbekistonda eskirgan uylar o‘rnida zamonaviy ko‘p qavatli uy-joylar qurish uchun “Renovatsiya to‘g‘risida”gi qonun qabul qilinishi mumkin. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun, 18 noyabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining saylovdan keyingi birinchi majlisida so‘z ochdi.
Prezident qonun ijodkorligi jarayoni, avvalo, jamiyatdagi dolzarb muammolar yechimiga, xalqning og‘irini yengil qilishga qaratilishi kerakligini ta’kidlagan.
Masalan, O‘zbekistonda aholi soni yiliga qariyb 1 millionga oshmoqda. Bu yangi uy-joylarni ko‘paytirishni taqozo etmoqda. Lekin dehqonchilik uchun zarur yerlarni uy-joy qurishga berib yuboraversak, ertaga qayerga ekin ekamiz, oziq-ovqat xavfsizligi nima bo‘ladi, degan savollar dolzarb bo‘lib bormoqda.
Mirziyoyev aholi va keng jamoatchilikning fikrini o‘rganib, eskirgan uylar o‘rnida zamonaviy ko‘p qavatli uy-joylar qurish uchun “Renovatsiya to‘g‘risida”gi qonunni qabul qilish kerakligini ta’kidladi.
"So‘nggi paytlarda uy-joy qurib berishni va’da qilgan quruvchi va unga ishonib sarmoya kiritgan aholi o‘rtasida nizolar uchrayotganiga guvoh bo‘lmoqdamiz. Bunday holatlarning oldini olish maqsadida fuqarolarimizning uy-joy qurilishiga jalb etilgan mablag‘larini kafolatli himoya qilishga qaratilgan qonunni qabul qilish lozimligi qayd etildi", deyiladi Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadovning xabarida.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning fevral oyida Toshkent shahri hokimi Shavkat Umurzoqov poytaxtda 500 gektar maydondagi turarjoy binolari renovatsiya dasturiga tushganini ma’lum qilgandi.
LiveBarchasi