O‘zbekistonda pomidorning yangi navi ixtiro qilindi
Texnologiya
−
14 may 2022
20464O‘zbekistonda ochiq maydon va issiqxonada yetishtirishga mos pomidor navi ixtiro qilindi. Ushbu navga “Universal” nomi berildi. Bu haqda Qishloq xo‘jaligi vazirligi xabar berdi.
Yangi nav Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot institutining seletsioner olimlari qishloq xo‘jaligi fanlari nomzodi Yekaterina Lyan, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori Rustam Nizomov, Shermuhammad Aminov va Jamil To‘rayevning o‘n yillik mehnati natijasida ixtiro qilingan.
Yangi nav o‘rtapishar bo‘lib, o‘suv davri 120-122 kunni tashkil etadi. Asosiy poyasining uzunligi issiqxonada 2,0-2,5 metr, ochiq maydonda 1,5-1,8 metrgacha yetadi, shoxlanishi va barglanishi esa o‘rtacha. Bargi oddiy, to‘q yashil, o‘rtacha burmali. Birinchi to‘pguli 8-9 bug‘inlarda joylashgan. Mevasi yassi yumaloqsimon, yuzasi silliq, qizil. Pomidor vazni 100-120 g, meva asosi kichik chuqurchali. Urug‘xonasi 4-5 ta. Degustatsion bahosi 4,9 balldan iborat.
Tarkibida quruq modda miqdori 4,8 foiz, umumiy qand 4,2 foiz, askorbin kislotasi 24,2 foiz. Hosildorligi: issiqxonada 15-18 kg/m2; ochiq maydonda 38-42 t/ga ni tashkil etgan. Bu ko‘rsatkich boshqa navlardan 15-20 foiz yuqori degani.
Pomidorning “Universal” navini respublikada keng joriy etish, birlamchi urug‘chiligini o‘rnatilgan tartibda tashkil etish uchun nav xujjatlar rasmiylashtirilib, Qishloq xo‘jaligi ekinlari navlarini sinash markaziga Davlat reyestiriga kiritish uchun va Intellektual mulk agentligiga patentlash uchun taqdim etilgan.
LiveBarchasi