O‘zbekistonda piyoz narxi keskin oshishi kutilmoqda
Jamiyat
−
18 yanvar 2023
44585O‘zbekistonda anomal sovuq tufayli sabzavot narxlari oshdi. Piyoz esa narxlar o‘sishi bo‘yicha yetakchi bo‘ldi. Yaqin kunlarda havo haroratining oshishi kutilishiga qaramasdan piyoz narxi o‘sishda davom etishi mumkin. Bu haqda “EastFruit” tahliliy maqola e’lon qildi.
Qayd etilishicha, sovuq kunlarda “muzlamagan” so‘zi fermer va savdogarlar tomonidan maqtaladigan piyozning asosiy xususiyatiga aylandi. Ammo qishda O‘zbekistonda piyoz uzoq va har doim ham sifatni saqlab qolish uchun maqbul sharoitlarda saqlanmaydi.
Tahlilchilarga ko‘ra, buning uchun moslashtirilgan omborlar nafaqat barqaror havo haroratini saqlab turish uchun uskunalar bilan jihozlanmagan, balki ko‘pincha minimal issiqlik izolyatsiyasiga ham ega emas. Bundan tashqari, O‘zbekistonda piyozning bir qismi odatda yomg‘irdan himoya qilish uchun faqat shiypon ostida saqlanadi.
“O‘zbekistonning aksariyat hududlarida qishda havo harorati uzoq vaqt davomida kamdan-kam hollarda 10 darajadan pastlasada, vaqti-vaqti bilan, bu hali ham davom etmoqda. Kuzatilgan anomal sovuq O‘zbekistondagi piyoz zaxiralariga katta zarar yetkazdi”, deyiladi maqolada.
Ma’lum qilinishicha, Toshkent shahrida 2023 yilning 10 yanvaridan 15 yanvariga qadar besh kun davomida havo harorati kunduzi -6 dan -13 darajagacha, kechasi esa -8 dan -17 darajagacha sovuq bo‘ldi. Bu haroratda mamlakatdagi piyoz muzlab qoldi, shundan so‘ng bunday mahsulotlar sotish uchun yaroqsiz holatga keldi. Bunday sharoitda ushbu sabzavotni faqatgina yo‘q qilish mumkin.
Keltirilishicha, nazariy jihatdan butunlay muzlatilgan piyozni tozalash va muzlatilgan holda sotish mumkin edi, ammo buning uchun harorat 25 darajadan past bo‘lgan muzlatgichning ulkan sig‘imlari va piyozni tozalash uchun ko‘plab odamlar kerak bo‘ladi.
Takidlanishicha, 2023 yilning 6 yanvaridan 13 yanvarigacha O‘zbekistonda sariq piyozning o‘rtacha ulgurji narxi 5000 so‘mdan 6000 so‘m/kg gacha, ya’ni 20 foizga ko‘tarilgan edi. 13 yanvar holatiga ko‘ra, ushbu mahsulotlarning o‘rtacha ulgurji narxi o‘tgan yilning shu sanasiga nisbatan 3 baravar va 2020-2021 yillarning shu sanasiga nisbatan qariyb 4 baravar yuqori bo‘lgan.
Rasmiy statistik ma’lumotlarga ko‘ra, 2023 yilning 1 yanvaridan 15 yanvarigacha O‘zbekistonda piyozning ichki narxi allaqachon o‘ta yuqori bo‘lgani uchun bir tonna ham piyoz eksport qilinmagan.
Maqolada qayd etilishicha, joriy yil yanvar oyining birinchi yarmida O‘zbekiston piyozning sof importchisiga aylandi. “EastFruit” tahlilchilarining dastlabki hisob-kitoblariga ko‘ra, bu davrda 3000 tonnadan ortiq piyoz import qilingan, ularning katta qismi Qozog‘istondan.
“Qozog‘iston hozirdan bu mahsulotlar eksportiga cheklovlar qo‘yish masalasini ko‘rib chiqmoqda. Ammo Qozog‘iston yaqin orada bunday cheklovlarni joriy qilmasa ham, “EastFruit” ekspertlarining fikricha, O‘zbekistonda piyoz narxi yaqin oylarda, ehtimol, sekinroq sur’atlarda o‘sishda davom etadi”, deyiladi maqolada.
LiveBarchasi