O‘zbekistonda piyoz eksporti vaqtincha cheklandi
Jamiyat
−
20 yanvar 2023
10091O‘zbekistonda 2023 yil 1 yanvardan boshlab 4 oy muddatga piyoz eksporti vaqtincha cheklanadi.
Bu haqda Qishloq xo‘jaligi vazirligi agrotexnologiyalar bosh boshqarmasi boshlig‘i Zafar Ortiqov AOKAda o‘tkazilgan brifingda ma’lum qildi.
Anomal sovuq natijasida dehqon bozorlaridagi ayrim ochiq rastalarda saqlangan piyoz mahsulotlari muzlab qolgan hamda noqulay ob-havo sharoiti sabab taklif ya’ni, bozorga mahsulotni olib kelish xajmi pasaygan.
Mamlakatimizda, ichki iste’mol bozor narxini arzonlashtirish, aholining iste’mol talabini qondirish hamda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash maqsadida 2023 yilning 1 yanvaridan 4 oyga piyoz eksportiga vaqtincha cheklov o‘rnatilgan", dedi Zafar Ortiqov.
Shuningdek, bugungi kunda hududlarda jami 319 ming tonna piyoz mahsuloti borligi tasdiqlanib, joylarda piyoz zaxirasi mavjudligi aytilgan.
Lekin mutaxassislarning tahlillari aholi iste’mol talabi doirasida mavjud zaxiraga qo‘shimcha ravishda 26,5 ming tonna piyoz kerakligini ko‘rsatmoqda.
Mamlakatda piyoz mahsulotining tanqisligi kuzatilmasligi uchun esa ushbu mahsulotni import qilish bo‘yicha xorijiy davlatlardagi sohaviy hamkorlar bilan muzokaralar olib borilmoqda.
Ma’lumot uchun, Davlat statistika qo‘mitasining joriy yil 11 yanvar holatiga ko‘ra e’lon qilgan axborotida 1 kg piyozning minimal-maksimal narxlari O‘zbekiston bozorlarida 3500 – 7000 so‘m atrofida ekani yozilgan edi.
Biroq ijtimoiy tarmoqlarda piyoz narxi keskin oshib, 8000-10000 so‘m atrofida sotilayotgani haqida xabarlar tarqalmoqda.
2022 yilning 11 yanvar holatiga ko‘ra, 1 kg piyozning Respublika bozorlaridagi o‘rtacha narxi 1500 – 4000 so‘mni tashkil qilgan.
2020 yilning mart oyidagi tahlillar davomida esa Urganchdagi dehqon bozorlaridan birida 4300 so‘m sotilgan piyoz Respublikadagi eng qimmat narx ekani aniqlangan.
LiveBarchasi