O‘zbekistonda oliy ta’lim kengashi tashkil etilmoqda
Jamiyat
−
30 Sentabr 2019
3193O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Respublika oliy ta’lim kengashini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori loyihasi Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga joylashtirildi.
Unga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining oliy ta’lim tizimida xalqarolashuvni kengaytirish, ta’lim sifati va mazmundorligini oshirish hamda korrupsion harakatlarga
chek qo‘yish va uning shaffoflik, xolislik va ob’ektivligini ta’minlash maqsadida Respublika oliy ta’lim kengashi tashkil etiladi.
Quyidagilar Kengashning asosiy vazifalari etib belgilanadi:
• oliy ta’lim tizimini rivojlantirish bo‘yicha keng jamoatchilik fikrini o‘rganish va strategik vazifalarni aniqlash, oliy ta’lim tizimiga oid normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini muhokama qilish va ta’limda uzviylikni ta’minlashga qaratilgan takliflar ishlab chiqish;
• ta’lim sifatini oshirish, ta’lim tizimidagi shaffoflik, holislik va ob’ektivlikni ta’minlash, korrupsion harakatlarga chek qo‘yish hamda ularning yechimiga qaratilgan vazifalarni amalga oshirish bo‘yicha takliflar kiritib borish;
• oliy ta’lim tizimini bilimli, adolatli ilmiy-pedagogik kadrlar bilan ta’minlash yo‘nalishlarini belgilash bo‘yicha takliflar kiritib borish;
• ish beruvchilarning hududiy joylashuvi hamda hududlarning strategik rivojlanish istiqbollariga asosan kadrlarga bo‘lgan real ehtiyojni o‘rganish, istiqbolli bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari hamda magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha kadrlar tayyorlash yuzasidan takliflar tayyorlash;
• rivojlangan xorijiy davlatlarning ilg‘or tajribalarini o‘rganish va oliy ta’lim tizimiga joriy etish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish;
• xorijiy mamlakatlarning nufuzli oliy ta’lim muassasalarida ta’lim olgan va tadqiqot ishlarini olib borayotgan vatandoshlar bilan oliy ta’lim muassasalarining hamkorligini tashkil etish;
• oliy ta’lim muassasalarining milliy va xalkaro reyting ko‘rsatkichlarini muntazam ravishda tahlil qilib borish va ularning yillik o‘sish dinamikasini ta’minlash bo‘yicha tashkiliy masalalarda ko‘maklashish;
• oliy ta’lim muassasalarining moddiy-texnik va laboratoriya bazasini mustahkamlash, ishlab chiqarishdagi muammolarni o‘rganish, yechimi bo‘yicha tavsiyalar tayyorlash hamda ilmiy tadqiqot natijalarini xalqaro jurnallarda nashr qilish orqali oliy ta’limning nufuzini oshirishga ko‘maklashish;
• oliy ta’lim muassasalarining talabalari va ilmiy-pedagog kadrlarining akademik almashinuviga yordam ko‘rsatish, kadrlar tayyorlash, qayta tayyorlash, malakasini oshirish va ilmiy-tadqiqot ishlari bo‘yicha oliy ta’lim muassasalarining integratsiyasini rivojlantirish;
• oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari, xodimlari, doktorantlari, talaba va magistranlarining ijtimoiy turmush tarzini yaxshilash, moddiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha takliflar berish;
• oliy ta’lim muassalarining faoliyati, vazifalari va funksiyalari bajarilishi ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirish;
• ta’lim sifati va ta’lim oluvchilarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga daxl qiluvchi eng muhim masalalar yuzasidan oliy ta’lim muassasasi faoliyati haqidagi jamoatchilik fikrini tizimli monitoring qilish va har tomonlama tahlil qilish, sotsiologik so‘rovlar o‘tkazish, shu jumladan, ularni axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda o‘tkazish bo‘yicha tegishli tashkilotlar bilan hamkorlik qilish;
• oliy ta’lim muassasalari faoliyati bo‘yicha fuqarolar bilan o‘tkaziladigan tushuntirish ishlari va ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarda ishtirok etish, ularning samaradorligini oshirish yuzasidan takliflar ishlab chiqish.
Kengash kotibiyati xodimlarining cheklangan soni 3 nafar etib belgilanadi va ularning oylik maoshi oliy ta’lim muassasasining professori lavozim maoshiga tenglashtiriladi.
Kengash yuridik maqomga ega bo‘lgan nodavlat notijorat tashkilot hisoblanadi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, tizimida oliy ta’lim muassasalari bo‘lgan vazirlik va idoralarga Kengash faoliyatini amalga oshirishga ko‘maklashish vazifasi yuklatiladi.
Quyidagilar Kengash faoliyatini moliyalashtirish manbalari etib belgilanmoqda:
• O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining Oliy ta’lim muassasalarini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari;
• tizimida oliy ta’lim muassasalari bo‘lgan vazirlik va idoralarning mablag‘lari;
• jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari;
• xalqaro moliya tashkilotlarining grantlari;
• qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.
LiveBarchasi