O‘zbekistonda oktyabrdan yana karantin kuchaytirilishi mumkinmi?

Jamiyat

image

O‘zbekistonda koronavirusga chalingan yangi bemorlar soni yana ortib bormoqda. Mamlakatda yana kuchaytirilgan karantin cheklovlari joriy qilinishi mumkinmi? Xususan odamlar orasida “15 oktyabrdan kuchaytirilgan karantin joriy qilinarmish” degan gaplar qanchalik haqiqatga yaqin? Bu haqdagi savolga O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik nazorati davlat inspeksiyasi boshlig‘i Nurmat Otabekov javob berdi. 

“Avvalo, biz shuni ta’kidlashimiz kerak. Respublikada karantin tadbirlari tugagani haqida aytilayotgan gaplar – noto‘g‘ri. O‘zbekiston sharoitida karantin bekor qilingani yo‘q. Aksincha, u bir muncha yumshatildi. Ammo fuqarolarning noto‘g‘ri tushunishi aholi orasida koronavirus kasalligining qayd etilishi kamaymayotganligiga sabab bo‘lmoqda.

Ahamiyat bergan bo‘lsangiz, tegishli profilaktik tadbirlarni bajarmaslik, tavsiyalarga rioya qilmaslik, mana shu kasallik bo‘yicha vaziyatga bee’tibor bo‘lish, kasallik bo‘yicha vaziyatning murakkablashishiga sabab bo‘lmoqda”, deydi Otabek. 

Otabekov so‘zida davom etarkan, Respublika maxsus komissiyasi qay holatda karantin choralarini kuchaytirish bo‘yicha qaror qabul qilish mumkinligi haqida gapirdi: 

“Agar biz karantin tadbirlariga rioya etar ekanmiz, vaziyatni barqaror holatga keltirishimiz mumkin bo‘ladi. Bir narsani unutmasligimiz kerak, Respublika maxsus komissiyasi qaror qabul qilishdan avval, epidemik vaziyatga baho beradi. Epidemik vaziyatni jilovlash imkoniyati bor-yo‘qligiga qarab xulosa qiladi. Agar biz bee’tiborlik va bepisandlik bilan kasallikning avj olishiga yo‘l qo‘ysak, u holda Respublika maxsus komissiyasi karantin tadbirlarini kuchaytirishga majbur bo‘ladi. Komissiyani bunga majbur qiladigan omil bu bizning xatti-harakatimiz”, deydi Otabek.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda so‘nggi bor kuchaytirilgan karantin cheklovlari 10 iyuldan 15 avgustgacha davom etdi. Respublika maxsus komissiyasining qarori bilan birin-ketin o‘rnatilgan cheklovlar olib tashlandi. Ayni vaqtda niqob taqish, qo‘llarni yuvish va dezinfeksiya vositalaridan foydalanish, ijtimoiy masofa saqlash, ko‘pchilik bo‘lib to‘planmaslik, 30 kishidan ortiq oilaviy tadbirlar o‘tkazmaslik asosiy karantin qoidasi bo‘lib qolmoqda


Maqola muallifi

Teglar

Karantin

Baholaganlar

3796

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing