O‘zbekistonda Oksford talabalari uchun yozgi maktab tashkil etildi

Jamiyat

image

O‘zbekistonda Oksford talabalari uchun tashkil etilgan “Yozgi maktab” ta’lim loyihasiga kecha, 31 avgust kuni start berildi. Bu haqda O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva o‘zining Telegram-kanalida ma’lum qildi.

Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva 2025 yil oktyabr oyida Oksford universitetiga tashrif buyurib, universitetning Osiyo va Yaqin Sharq tadqiqotlari fakultetida O‘zbekshunoslik dasturining rasmiy ochilishida ishtirok etgan edi.

Qayd etilishicha, mazkur tashrif doirasida O‘zbekiston va Oksford o‘rtasidagi ilmiy-ma’rifiy aloqalarni yanada rivojlantirish, o‘zbek tili va madaniyatini xalqaro akademik muhitda keng o‘rganish uchun yangi imkoniyatlar yaratilgan.

Endi ushbu tashabbusning mantiqiy davomi sifatida Oksford talabalari uchun O‘zbekistonda “Yozgi maktab” tashkil etildi. Kecha, 31 avgust kuni ushbu ta’limiy loyihaga start berildi.

Ma’lum qilinishicha, bir oy davomida Oksford talabalari o‘zbek tilini bevosita til muhitida o‘rganish, milliy madaniyatimiz, urf-odatlarimiz va yurtimizning boy tarixi bilan yaqindan tanishish imkoniga ega bo‘ladilar.

Yozgi maktab dasturidan Toshkent, Samarqand va Buxoroga safarlar, o‘zbek tili darslari, madaniy tadbirlar va ma’rifiy uchrashuvlar o‘rin olgan.

Eng muhimi, “Yozgi maktab” orqali Oksford talabalari o‘zbek tilini nafaqat o‘rganadilar, balki O‘zbekistonni o‘z ko‘zlari bilan ko‘rib, xalqimiz madaniyati va qadriyatlarini bevosita his qiladilar.

“O‘tgan yilning oktyabr oyida Oksfordda tashabbusimiz bilan boshlangan O‘zbekshunoslik dasturi izchil yo‘lga tushib, o‘zining ajoyib amaliy natijalarini berayotganidan behad mamnunman”, deya ta’kidlagan Saida Mirziyoyeva.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing