O‘zbekistonda necha foiz xotin-qizlar o‘zlarini baxtli hisoblaydi? Tadqiqot o‘tkazildi

Bu qiziq

image

O‘zbekistonda xotin-qizlarning 85 foizi o‘zini ko‘tarinki kayfiyatda va baxtli deb hisoblashadi. Bu haqda “Oila va xotin-qizlar” ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan o‘tkazilgan tadqiqotda aniqlangan.

“Oila va xotin-qizlar” ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan 2023 yilning fevral-aprel oylarida “Xotin-qizlarning hayotiy maqsadlari, qadriyatlari va yo‘nalishlari” mavzusida respublikaning 6 ta hududida 18 yoshdan 55 yoshgacha bo‘lgan 819 nafar xotin-qizlar orasida sotsiologik tadqiqot o‘tkazilgan.

Keltirilishicha, xotin-qizlar oilaviy qadriyatlarning shakllanishida oilaviy muhit va undagi tarbiya (81%), ota-onaning sulolaviy shaxsiy o‘rnagi (61%) hamda o‘z hayotiy tajribasi muhim o‘rin egallashini bildirgan.

Qayd etilishicha, xotin-qizlar o‘zlari uchun ayol baxtining asosini oilalarning tinchligi, farovonligi, mustahkamligi, farzandlarning borligi, oiladagi samimiy munosabatlarda va yaqin insonlarning o‘zaro g‘amxo‘rligida deb hisoblaydi. Qishloq hududlarida yashovchi aksariyat xotin-qizlar o‘zlarini, eng avvalo, ona (40,9%) va rafiqa (27,3%) sifatida baholaydi.

“Xotin-qizlarning aksariyati oilali va farzandli bo‘lishni o‘zining asosiy hayotiy ehtiyoji sifatida belgilaydi. Shuningdek, oila qurish bilan birga, jamiyatda ijtimoiy faol bo‘lishni istagan, ishlash, o‘qish va kasb-hunarli bo‘lishga intilayotgan, buni o‘zining hayotiy muhim maqsadi va baxtining bir qismi sifatida ko‘ruvchi xotin-qizlar toifasi borligi tadqiqot natijasida o‘z ifodasini topdi”, deyiladi xabarda.

Tadqiqot davomida ishtirokchilarning 80,4 foizi nikohga o‘z xohishiga ko‘ra rozi bo‘lgani qayd etilgan. Shu bilan birga, 13,2% holatda oila kattalarning kelishuvi, sovchilar orqali qurilgani aniqlangan. 

Shuningdek, tadqiqotda qatnashgan har ikkinchi respondent oilaviy ajrimlarga mutlaqo qarshi ekani aniqlangan. Ularning aksariyati oilaviy munosabatlardagi beqarorlik, salomatlikdagi jiddiy muammolar hamda oiladagi zo‘ravonliklar tufayli ajralishlar bo‘lish ehtimolini inkor etmagan. Respondentlar xiyonat (43,6%), farzandsizlik (26,1%) juftliklar xarakterining o‘zaro mos tushmasligi (20%) va oiladagi janjallar (21,3%), turmush o‘rtog‘ining psixik jihatdan nosog‘lomligi (22,1%) va boshqa og‘ir xastaliklar (10,9%) tufayli ajrim holatlari yuzaga kelishini e’tirof etgan.

Aksariyat xotin-qizlar uchun oilani asrab qolish maqsadi, ishlash va kasbiy o‘sishdan ko‘ra muhimroq ahamiyatga ega bo‘lsada, har oltinchi respondent (14%) uchun ish faoliyati juda qadrli hisoblanadi. Bu toifadagi ayollar ish faoliyati oilasining butunligi va tinchligiga salbiy ta’sir ko‘rsatgan taqdirda ham o‘z ishidan voz kechishga tayyor emasligini aytib o‘tgan.

So‘rovnomada ishtirok etgan xotin-qizlarning 68,3 foizi inson salomatligining qadrini ustun qo‘yishsada, amalda 16% respondent uni birinchi o‘ringa qo‘ymasligi aniqlangan.

“Bugungi kunda ayollarning salmoqli qismi farzandlarida kelajakda umuminsoniy qadriyatlar, jumladan, oiladagi sog‘lom ma’naviy muhit, mehnat qilish, o‘z fikrini ayta olish va adolatli bo‘lish kabi xususiyatlar ustunlik qilishini xohlaydi. Xotin-qizlarning 85 foizi o‘zini ko‘tarinki kayfiyatda va baxtli deb hisoblaydi”, deyiladi institut xabarida.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing