O‘zbekistonda Nazariy fizika instituti tashkil etiladi
Jamiyat
−
10:05 711 1 daqiqa
O‘zbekiston Milliy universiteti huzurida Nazariy fizika instituti tashkil etiladi. 17 dekabr kuni Vazirlar Mahkamasining “Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti huzurida Nazariy fizika institutini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Qarorda institutning asosiy vazifalari etib nazariy fizikaning kvant maydon nazariyasi, subatom fizika, nochiziqli fizika, gravitatsion maydon nazariyasi, kvant tarmoqlar hamda dinamik tizimlar yo‘nalishlarida ilmiy anjumanlar tashkil etish belgilangan.
Shuningdek, oliy ta’lim tashkilotlarida iqtidorli talabalar va magistrantlarni ilmiy faoliyatga jalb etish orqali yuqori salohiyatli yosh nazariyotchi fiziklarni tayyorlashga ko‘maklashish hamda fizika sohasida rivojlangan mamlakatlarda olib borilayotgan tadqiqotlarning ustuvor yo‘nalishlari va istiqbollari yuzasidan tahliliy ma’lumotlar tayyorlash institutning muhim vazifalari qatoriga kiritilgan.
Qarorga ko‘ra, institutga boshqa ilmiy tashkilotlar, jamg‘armalar va ta’lim muassasalari, jumladan, xalqaro va xorijiy tashkilotlar bilan birgalikda ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish uchun shartnomalar tuzish, shuningdek, ilmiy tadqiqotlar uchun zarur bo‘lgan axborotlar, statistik va tahliliy ma’lumotlarni davlat organlari hamda tashkilotlaridan so‘rash va bepul olish huquqlari beriladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Olmaliqda texnika instituti tashkil etilishi ma’lum qilingandi.
Live
Barchasi