O‘zbekistonda narxlar oshishiga nimalar ta’sir ko‘rsatyapti?

Jamiyat

image
O‘zbekistonda inflyatsiyaning keskin oshishiga tashqi iqtisodiy xatarlarning kuchayishi, yuqori noaniqliklar sharoitida mart oyida kuzatilgan milliy valyuta kursining qadrsizlanishi, mamlakat miqyosida keng nishonlangan bayramlar sabab avvalgi oylarga nisbatan iqtisodiy faollik va yalpi talabning sezilarli oshishi sabab bo‘lgan. Bu haqda Markaziy bank tomonidan 2022 yil mart oyi uchun e’lon qilingan “Inflyatsiya dinamikasi sharhi”da keltirilgan.
 
Qayd etilishicha, mart oyida oziq-ovqat narxlarining 2,5 foizga qimmatlashishi umumiy inflyatsiyaga 1 foiz bandlik, nooziq-ovqat tovarlari narxining o‘rtacha 1,1 foizga oshishi 0,4 foiz bandlik hamda xizmatlar narxining 0,4 foizga oshishi 0,1 foiz bandlik ta’sir ko‘rsatib, inflyatsiya darajasi Markaziy bankning maqsadli ko‘rsatkichlari trayektoriyasidan yuqoriroq shakllangan.
 
Xususan, bug‘doy uni, yog‘, go‘sht, sut mahsulotlari, shakar va salqin ichimliklar narxlari mart oyi davomida sezilarli darajada qimmatlashgan bo‘lsa, banan va kartoshka narxlari arzonlashgan. Tuxum narxlari kuzatuv o‘tkazilayotgan paytda o‘tgan oyga nisbatan pasaygan bo‘lsa-da, mart oyining oxiriga kelib yana o‘suvchi dinamika hosil qilgan.
 
Shuningdek, shakar va un narxining oshishi ushbu mahsulotlardan ishlab chiqariladigan qandolat mahsulotlari, salqin ichimliklar narxlari o‘sishiga sabab bo‘lgan. Grechka, pishloq, kungaboqar yog‘i narxlarining eksportyor davlatlardagi (Rossiya va Qozog‘iston) ishlab chiqaruvchilar tomonidan keskin oshirilishi ichki bozorlarda ushbu mahsulotlar narxiga qo‘shimcha bosimni yuzaga keltirmoqda.
 
O‘z navbatida, kungaboqar yog‘i narxidagi o‘zgarishlar natijasida mahalliy ishlab chiqariladigan paxta yog‘i narxi ham ko‘tarilgan.
 
Kuzatuvlarga ko‘ra, ulgurji savdolarda yil boshiga nisbatan kungaboqar yog‘i 25 foizga va paxta yog‘i 12 foizga qimmatlashgan.
 
Meva va sabzavotlar narxlaridagi o‘zgarishlar esa mavsumiylik bilan xarakterlangan. Bunda so‘nggi haftalarda kuzatilgan salqin ob-havo bahorgi sabzavotlar yangi hosilining vegetativ davrini ma’lum muddatga sekinlashtirib, taklif tomondan bozor konyunkturasiga ta’sir qilgan.
 
Markaziy bankka ko‘ra, broyler yetishtirishda zarur bo‘lgan ozuqa mahsulotlari asosan Argentina, Rossiya va Qozog‘istondan quruqlik transporti orqali, muzlatilgan tovuq go‘shti esa ko‘proq Turkiyadan import qilinadi. Bunda yanvar-mart oylarida ozuqa narxlarining o‘sishi, Turkiya va Yevropa davlatlarida parranda grippining keng tarqalishi jahon bozoridagi narxlarga va ma’lum kechikish bilan mahalliy bozorlarda ta’sir eta boshlagan.
 
Bundan tashqari, ozuqa narxlari qimmatligi sut mahsulotlari narxi o‘sishidagi muhim omillardan biri bo‘lib qolmoqda. Mart oyida yog‘ingarchilikning yetarli miqdorda bo‘lgani hamda aprel oyidagi ijobiy kutilmalarga ko‘ra, yog‘ingarchilikning yaylovlar va ekin maydonlari uchun foydali bo‘lishi chorva ozuqasi zaxirasini yaratishda muhim ahamiyat kasb etishi mumkin.
 
Qozog‘iston va Belarusdan go‘sht importi oshishi ichki bozorlarda taklif narxining pasayishiga sabab bo‘lgan.

Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

157

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing