O‘zbekistonda nanoanalitik laboratoriya qurish rejalashtirilmoqda
Biznes
−
16 dekabr
2912“O‘zbekiston texnologik metallar kombinati”da ko‘plab innovatsion loyihalar amalga oshirib kelinmoqda. Jumladan, ana shunday loyihalardan biri 2025 yilning oxirida ishga tushirilishi rejalashtirilgan Markaziy nanoanalitik laboratoriyadir.
Yangi nanoanalitik laboratoriya nodir metallar sohasida ishlov berish jarayonlarini yanada chuqur va aniq tahlil qilishga imkon yaratadi. Laboratoriya ma’dandan boshlab, tayyor mahsulotgacha bo‘lgan jarayonni nano o‘lchamda tahlil qilish salohiyatiga ega bo‘ladi. Bu esa sanoatning barcha sohalari uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochadi.
Laboratoriya kuniga 1000 ta tahlil o‘tkazish imkoniyatiga ega bo‘lib, yuqori samaradorligi bilan ham ajralib turadi. Bu esa nafaqat O‘zbekiston, balki Markaziy Osiyo davlatlari uchun ham tahlil xizmatlarini taqdim etish imkonini yaratadi. Shu orqali mintaqadagi kompaniyalar va tashkilotlarga o‘z faoliyatlarini yanada samarali yuritish uchun zarur bo‘lgan ma’lumotlar taqdim etiladi.
Loyihaning umumiy qiymati 14 million yevrodan ziyod bo‘lib, bu miqdor eng zamonaviy texnologiyalar va barcha turdagi tadqiqotlarni amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan vositalarni o‘z ichiga oladi. “O‘zTMK” AJ tomonidan taqdim etilgan laboratoriya nafaqat yuqori sifatli tahlillarni amalga oshirish imkonini beradigan eng ilg‘or uskunalar bilan jihozlanadi, balki ilmiy-tadqiqot markazi va xodimlarni tayyorlash uchun qo‘shimcha imkoniyatlar ham yaratadi.
Xorijiy ekspertlar va soha mutaxassislari mazkur loyihani yuqori baholamoqda. O‘zbekiston-Koreya nodir metallar dasturi rahbari Kim Bum Sungning fikriga ko‘ra, loyiha, nodir metallar sohasi rivojiga katta hissa qo‘shadi. Koreyalik hamkorlar o‘z tajribalaridan foydalanib, loyihaning amalga oshishi uchun qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini bildirishgan.
“O‘zTMK” AJ boshqaruv raisi o‘rinbosari Amir Abidovning aytishicha, O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan ushbu loyiha sanoatni rivojlantirish, yangi texnologiyalarni joriy etish va ilmiy tadqiqotlarni kuchaytirish yo‘lida muhim qadam hisoblanadi.
E’tiborlisi, ushbu loyiha O‘zbekistonni global sanoat sohasidagi yetakchi davlatlar qatoriga olib chiqish uchun katta imkoniyat yaratadi.
Mamlakatda texnologik metallar sanoatini rivojlantirish va raqobatbardoshligini oshirish yo‘lida “O‘zbekiston texnologik metallar kombinati” amalga oshirayotgan loyihalari nafaqat mamlakat ichki ehtiyojlarini qondirish, balki eksport salohiyatini oshirishga ham qaratilgan.
LiveBarchasi