O‘zbekistonda milliy hunarmandchilikning rivojlanishini ko‘rib quvondim — Chavusho‘g‘li

Jamiyat

image_2021-07-14_18-28-27

Avvalroq Turkiya Tashqi ishlar vaziri Mavlud Chavusho‘g‘li Istanbuldan Farg‘onaga uchib kelgani haqida xabar bergandik.

Tashrif rejasiga ko‘ra, Turkiya TIV rahbari Marg‘ilon hunarmandchilik markazida bo‘lib, milliy matolar, ipak, gilamlar va boshqa hunarmandchilik mahsulotlarining tayyorlanish jarayonlari bilan yaqindan tanishdi. Bu haqda Turizm va sport vazirligi Matbuot xizmati xabar berdi.

“Mavlud Chavusho‘g‘li bu yerda (Marg‘ilonda) milliy matolarimiz, ipak, gilamlar va boshqa hunarmandchilik mahsulotlarining tayyorlanish jarayonlari bilan yaqindan tanishdi. Turkiya Tashqi ishlar vaziri milliy hunarmandchilik mahsulotlarining tayyorlanish jarayoniga katta qiziqish bildirdi va O‘zbekistonning bu boradagi salohiyatini yuksak baholadi”, deyiladi xabarda.

Qayd etilishicha, Mavlud Chavusho‘g‘li O‘zbekistonda hunarmandchilikning bunday rivojlanishini ko‘rib, quvonganini yashirmagan.

“Gilamlar va umuman milliy hunarmandchilik mahsulotlaringiz juda go‘zal. Turkiyada ham bu yo‘nalishdagi turlar bor, lekin ular tobora kamayib bormoqda. O‘zbekistonda milliy hunarmandchilikning bunday rivojlanishini ko‘rib quvondim”, deydi Turkiya TIV rahbari.

Shuningdek, u kashtachilik mahsulotlarini ko‘rib, bolalik xotiralari yodga tushganini aytgan. 

“Mehmon milliy matolar va hunarmandchilik mahsulotlarini tayyorlash sirlari avloddan avlodga o‘tishi muhim ahamiyatga ega ekanini hamda bu kabi an’analarni davom ettirish lozimligini ta’kidladi”, deyiladi xabarda.

Bundan tashqari, Marg‘ilon hunarmandchilik markazida Mavlud Chavusho‘g‘liga kichik madaniy dastur namoyish etilgan.

Shundan so‘ng u Oltiariq tumanining agroturizm salohiyati bilan tanishish uchun yo‘lga chiqdi. 

Qayd etish kerakki, bundan avval Turkiya Turizm va madaniyat vaziri ham Farg‘ona vodiysida bo‘lib, Turkiy Kengash turizm masalalari vazirlarining VI yig‘ilishida ishtirok etgan edi. O‘sha yig‘ilish doirasida Qo‘qon shahri Turkiy kengash davlatlarining poytaxti, deya rasman e’lon qilingan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

120

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing