O‘zbekistonda Mehribonlik uylari tezkor Internet bilan ta’minlanadi

Jamiyat

image

Avvalroq O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida ota-ona qaramog‘idan mahrum va yetim bolalarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning yangi tizimini joriy etish chora-tadbirlari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilayotgani haqida xabar bergandik. 

Davlat rahbari yig‘ilishda Mehribonlik uylari va Bolalar shaharchasini kompyuter hamda Internet bilan ta’minlash to‘g‘risida buyruq berdi. 

“Bir oy muddatda harbir Mehribonlik uyi va Bolalar shaharchasi kamida 20 tadan eng zamonaviy kompyuter va tezkor Internet bilan ta’minlansin”, deydi Shavkat Mirziyoyev.

Shuningdek, Prezident Mehribonlik uyi va Bolalar shaharchasida axborot texnologiyalari bo‘yicha kurs tashkil etishni ham buyurgan.

“Bir oy muddatda har bir Mehribonlik uyi va Bolalar shaharchasi Inxa universiteti, Axborot texnologiyalari universiteti, IT markaz va parklarga bog‘lab, o‘quv kurslarini tashkil etilsin”, deydi davlat rahbari.

Ta’kidlanishicha, Moliya vazirligi ushbu loyihalarga mablag‘ ajratish va uning samarali ishlatilishiga javobgar bo‘ladi.

“Moliya vazirligi har bir Mehribonlik uyi va Bolalar shaharchalariga o‘z tizimidagi ikkitadan mutaxassisni doimiy biriktirib, o‘z vaqtida moliyalashtirish va ajratilgan mablag‘larni samarali ishlatishga javob beradi”, deydi Prezident Mirziyoyev.

Bundan tashqari, sharoiti og‘ir bo‘lgan Mehribonlik uylarini Prezident Administratsiyasi, Vazirlar Mahkamasi, viloyat hokimlari otaliqqa oladi.

Davlat rahbarining so‘zlariga ko‘ra, Prezident Administratsiyasi – Yashnoboddagi 30-son, Vazirlar Mahkamasi – Yunusoboddagi 23-son, Davlat xavfsizlik xizmati – Bo‘kadagi 15-son, Bosh prokuratura – Samarqand shahridagi 1-son, Chegara qo‘shinlari – Buxoro shahridagi 32-son, Favqulodda vaziyatlar vazirligi – Marg‘ilondagi 1-son, Bojxona qo‘mitasi – Qo‘qondagi 12-son Mehribonlik uylari, Mudofaa vazirligi – Andijon shahridagi “Bolalar shaharchasi” bilan shaxsan shug‘ullanib, yil yakuniga qadar ularning barcha muammolarini hal etib beradi.

“Mehribonlik uylarida tarbiya olayotgan qizlarimizning ta’lim-tarbiyasi, ularni balog‘atga, turmushga tayyorlash Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligining asosiy vazifalaridan biri bo‘ladi. Ushbu qizlarning barchasi “ayollar daftari”ga kiritilib, ularni qiynayotgan masalalarni joyida hal qilishga hamda Mehribonlik uylaridan keyingi hayotidagi o‘z o‘rnini topishiga har tomonlama ko‘maklashiladi”, deydi Prezident.

Eslatib o‘tamiz, Shavkat Mirziyoyevning bugun, 28 iyul kuni 21-Mehribonlik uyiga tashrifi chog‘ida O‘zbekistondagi Mehribonlik uylari va maxsus maktab-internatlarni Milliy gvardiya mas’ulligiga o‘tkazish taklifi berildi. Bugunga qadar Mehribonlik uylari Vazirlar Mahkamasining qarori bilan Xalq ta’limi vazirligi tarkibida bo‘lgan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

6

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing