O‘zbekistonda Markaziy Osiyo instituti tashkil etildi
Jamiyat
−
23 Sentabr 2020
6895O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti faoliyatining ilk kunlaridanoq Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan o‘zaro do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik hamkorlikni rivojlantirishga tashqi siyosatning ustuvor yo‘nalishi sifatida katta e’tibor qaratib kelmoqda.
Bu borada Prezident Mirziyoyev 2017 yilda BMT Bosh Assambleyasi oliy minbaridan turib, qator muhim tashabbuslarni, jumladan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining ilk Maslahat uchrashuvini tashkil etish bo‘yicha taklifni ilgari surgan edi. Ushbu muloqot formatining ikkinchi yig‘ilishi Toshkentda o‘tkazildi hamda mintaqada o‘zaro manfaatli hamkorlikni, hamjihatlik muhitini yanada mustahkamlash yo‘lida tarixiy voqea bo‘ldi.
Aytish joizki, o‘tgan to‘rt yilda O‘zbekistonning mintaqadagi barcha davlatlar bilan aloqalari tom ma’noda strategik sheriklik bosqichiga ko‘tarildi, oliy daraja ishonchli va ochiq siyosiy muloqotlar yo‘lga qo‘yildi. Mintaqadagi mamlakatlar o‘rtasidagi ikki va ko‘ptomonlama sheriklik aloqalari, savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy, transport-kommunikatsiya, madaniy-gumanitar va boshqa yo‘nalishlardagi munosabatlar izchil rivojlanib bormoqda.
Maslahat uchrashuvining ikkinchi sammitida erishilgan barcha kelishuvlarni to‘liq amalga oshirish, ekspert-tahlil doira vakillari, amaliyotchi mutaxassislar o‘rtasidagi aloqalarni kengaytirish, mintaqaviy strategiyani ishlab chiqishda ular ishtirokini ta’minlash maqsadida o‘tgan oyda Prezidentning alohida qarori bilan Markaziy Osiyo xalqaro instituti tashkil etilgan edi.
Institutning asosiy vazifalari sirasiga eng avvalo, mintaqa davlatlari o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikni har tomonlama kengaytirishga qaratilgan strategiya va dasturlarning yangi yo‘nalishlarini ishlab chiqishga ko‘maklashish, ularni ilmiy asoslangan holda chuqur tahlil qilish va tadqiq etish kiradi.
Mintaqa davlatlari o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlashga qaratilgan izlanishlarni, Markaziy Osiyo xavfsizligi bilan bog‘liq turli boshqa tahdid va muammolarni samarali hal etishga qaratilgan tizimli tadqiqot ishlarini olib boradi.
Qo‘shni davlatlarning tashqi siyosat konsepsiya va maqsadlarini tahliliy yondashuvlar asosida puxta o‘rganadi, mintaqaviy ahamiyatga ega turli loyihalarni batafsil tahlil qiladi va bo‘lib o‘tadigan mintaqaviy xalqaro ilmiy anjuman va tadbirlarda bu mavzularni muhokama qiladi.
Hech shubhasiz, Markaziy Osiyo xalqaro institutining tashkil etilgani O‘zbekistonning jahon maydonidagi o‘rni va nufuzini yanada yuksaltirish, mintaqaviy integratsiya jarayonlarini chuqurlashtirishga xizmat qiladi.
LiveBarchasi