O‘zbekistonda madaniyat va san’at xodimlari kuni belgilanadi
Madaniyat-san’at
−
29 may 2021
10079Oliy Majlis Senatining o‘n beshinchi yalpi majlisi kun tartibi doirasida “O‘zbekiston Respublikasi madaniyat va san’at xodimlari kunini belgilash to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni muhokama etildi. Bu haqda Senat Axborot xizmati xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, Madaniyat vazirligi, “O‘zbekkino” milliy agentligi, O‘zbekistan Badiiy akademiyasi, O‘zbekistan Yozuvchilar uyushmasi, O‘zbekistan kompozitorlari va bastakorlari uyushmasi, O‘zbekistan teatr arboblari uyushmasi, Respublika ma’naviyat va ma’rifat markazi hamda keng jamoatchilikning takliflarini hisobga olib, madaniyat va san’atning jamiyatimiz ijtimoiy-ma’naviy hayotida tutgan o‘rnini hisobga olib, soha xodimlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida qonun bilan 15 aprel O‘zbekiston Respublikasi madaniyat va san’at xodimlari kuni sifatida belgilanmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, ayni paytda dunyoning ko‘plab davlatlarida ushbe sana Xalqaro madaniyat kuni sifatida nishonlanadi. Xususan, 2008 yildan Italiya, Ispaniya, Rossiya, Argentina, Meksika, Kuba, Latviya va Litva kabi davlatlarda 15 aprel – Xalqaro madaniyat kuni Tinchlik bayrog‘i ostida tantana qilinadi.
Shuningdek, madaniyat va san’at sohasini rivojlantirish, o‘zbek milliy madaniyati va san’ati nufuzini jahon miqyosida oshirish, yosh iste’dod egalarining qobiliyati va salohiyatini ro‘yobga chiqarish borasida fidokorona mehnat qilgan va yuqori natijalarga erishgan o‘zbekistonliklar aynan mana shu bayram kunida “Madaniyat va san’at fidokori” ko‘krak nishoni bilan taqdirlanishi ko‘zda tutilgan.
LiveBarchasi