O‘zbekistonda mahsulot narxini to‘lov turiga qarab oshirish taqiqlanadi

Jamiyat

image

O‘zbekistonda tovarlarni naqd va naqd pulsiz shaklda sotib olishda ikki xil narx qo‘yilishi taqiqlanadi. Bu haqda Oliy Majlis Senatining yigirma birinchi yalpi majlisida ma’qullangan “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonunda belgilanmoqda.

Qonunda iste’molchi va sotuvchi (ishlab chiqaruvchi, ish va xizmat ko‘rsatuvchi) o‘rtasidagi munosabatlarni huquqiy tartibga solishning yangicha mexanizmlari, shartnomaviy munosabatlarda iste’molchiga o‘zining qonunchilikda belgilangan talablarini qanoatlantirishda ustuvor huquq berilishi va shartnomaga iste’molchining qonunchilikda nazarda tutilgan huquqlarini kamsitadigan shartlarni kiritishga yo‘l qo‘yilmaslik kabi yangi talablar kiritilgan.

Shuningdek, iste’molchi tomonidan tovarlar uchun haq to‘lash naqd pul yoki naqd pulsiz shaklda amalga oshirilishi mumkinligini inobatga olgan holda sotuvchiga haq to‘lash shakliga qarab tovarning ayni bir markasi (modeli, artikuli) uchun har xil narxlar belgilashi taqiqlanmoqda.

Iste’molchiga sotilgan nuqsonli yoki maqbul sifatli tovarlarni qaytarib berishda o‘zaro hisob-kitoblarni amalga oshirishda yuzaga kelayotgan ayrim masalalarga ham aniqlik kiritib ketilmoqda.

Xususan, agar taraflarning kelishuvida boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, iste’molchi tomonidan to‘langan pul summasini unga qaytarish tovar uchun haq to‘lash qanday shaklda amalga oshirilgan bo‘lsa, xuddi shunday shaklda amalga oshirilishi belgilanmoqda.

Tovarda nuqsonlar borligi va uning normativ hujjatlar talablariga muvofiq emasligi tasdiqlangan taqdirda, sotuvchi (ishlab chiqaruvchi, ijrochi) tekshiruv (test, ekspertiza) o‘tkazishni tashkil qilgan iste’molchi yoki iste’molchilar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha vakolatli davlat organlariga tovarlarni tekshirish (testdan o‘tkazish, ekspertiza qilish) bilan bog‘liq xarajatlarning o‘rnini to‘liq qoplashi kerakligi haqidagi norma kiritilmoqda.

Bundan tashqari, iste’molchilar huquqlarini himoya qilish va reklama bozorini tartibga solish sohasida yagona davlat siyosati hamda davlat organlari va tashkilotlari faoliyatini muvofiqlashtirishni amalga oshiruvchi vakolatli davlat organi sifatida Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi huquq va vakolatlari Qonun bilan mustahkamlab qo‘yilmoqda.

Tovarlarni namunalar va (yoki) ularning tavsifi bo‘yicha axborot tizimlaridan foydalangan holda realizatsiya qilishda iste’molchilar huquqlari buzilishiga yo‘l qo‘ymaslik va oldini olish maqsadida ushbu munosabatlarni tartibga soluvchi talablar alohida yangi modda sifatida kiritilmoqda.

Shu bilan birga, Qonunda nodavlat jamoat birlashmalarining iste’molchilar huquqlarini himoya qilish sohasidagi vakolat va huquqlariga aniqlik kiritilgan.

Hujjatda ishlab chiqaruvchi, savdo va xizmat ko‘rsatish qoidalari, tovar to‘g‘risidagi axborotni iste’molchilarga davlat tilida to‘liq yetkazish, tovarni ekspertizadan o‘tkazish holatlari o‘z aksini topmoqda.

Qonun tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) masofadan turib, axborot tizimlaridan foydalangan holda realizatsiya qilish chog‘ida iste’molchilar huquqlari buzilishiga yo‘l qo‘ymaslik va ularni oldini olishga qaratilgan normalar bilan ham to‘ldirilgan.

Qayd etilishicha, qonun qabul qilinishi iste’molchilar huquqlari buzilishining oldini olish, sotuvchining iste’molchi oldidagi mas’uliyati va javobgarligini oshirishga xizmat qiladi.


Maqola muallifi

Teglar

to'lov mahsulot narxi

Baholaganlar

48

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing